Sulton Tex Group klasteri Qarshi tumani hokimligi bilan sudlashmoqda. Kompaniya rahbari Nurbek Ergashev tuman hokimi Maqsuda Mustafoyevaning harakatlarini noqonuniy deb topish, shuningdek, to‘qimachilik-klaster faoliyatini to‘xtatish haqidagi qarorni bekor qilishni talab qilmoqda. Tadbirkor ushbu qaror tufayli kamida 400 ish o‘rnini qisqartirishga, qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotishga va yog‘ ishlab chiqaruvchi uskunalarni ham pullashga majbur bo‘layotganini bildirgan. “Gazeta.uz” ushbu bahs borasidagi ma’lumotlarni taqdim qilgan.

Sulton Tex Group klasteri

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sulton Tex Group xususiy korxonasi ijrochi direktori Nurbek Ergashev Qarshi tuman ma’muriy sudiga o‘z kompaniyasining paxta-to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha qarorni bekor qilish yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

Nurbek Ergashev O‘zbekiston bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevni garchi korxona paxta xomashyosini yetishtirish bilan shug‘ullansa ham, 5,6 milliard so‘m pulni bug‘doy ishlariga ajratmagani uchun o‘ziga bosim o‘tkazgani va korxonasini paxta-to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarish bilan tahdid qilganini bildirgan. Klaster bilan yil oxirigacha shartnomasi bo‘lgan fermerlarni kooperativlarga o‘tishga majburlashmoqda. Tadbirkor qiymati 100 million dollarga teng 15 ta manfaatli loyihani amalga oshirayotgani, ammo ushbu qaror sabab bankrot bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Sulton Tex Group rahbari amaldorlar ustidan sudga shikoyat qilishga qaror qilgan. Nurbek Ergashevning bildirishicha, Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva o‘zining noqonuniy harakatlari bilan tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazgan va ayrimlarning faoliyati to‘xtab qolishiga sababchi bo‘lgan.

Xususan, biznesmen tuman hokimi 10-apreldagi xatida noto‘g‘ri ma’lumot yetkazgani va buning oqibatida bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev klasterni to‘xtatish va fermerlarni kooperativga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilganini aytmoqda.

Hokimlik xatida Sulton Tex Group’ning suv iste’molchilari assosiatsiyasi ishchilariga to‘lov qilmagani yozilgan. Nurbek Ergashev kompaniyasining fermer xo‘jaliklari bilan paxta xomashyosi va chigit xaridi bo‘yicha kelishuv imzolaganini ta’kidlab, faqat ushbu shartnoma asosida fuqarolik-huquqiy majburiyatlarga ega ekanligini ma’lum qilgan.

“Kompaniya avans to‘lovlarini o‘rnatilgan tartibda o‘tkazib kelmoqda. Fermer xo‘jaliklari rahbarlari esa o‘zlari mustaqil ravishda suv xo‘jaligi mexanizatorlari va ishchilariga to‘lov qilishni hal qiladi”, — degan u.

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva Vazirlar Mahkamasiga yozgan xatida klaster korxona bankdagi hisob raqamini Milliy bankning Qashqadaryo viloyat filialida ochgani va Qarshi tumani hisobiga 2019-yilda paxta yetishtirishdan tushgan mablag‘lar yetib kelmaganini yozgan.

“Tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva tadbirkorlik subyektlariga qaysi bankda hisob raqami ochishni belgilab berish vakolatiga ega emas”, — deyilgan Nurbek Ergashevning arizasida. Shuningdek, tadbirkor tuman hokimi yozgan xatda yana boshqa bir talay sabab va bahonalar keltirilganini qo‘shimcha qilgan.

Tadbirkor suddan ushbu noqonuniy harakatlarga baho berish va o‘ziga qo‘yilgan mazkur talablarni bekor qilish, mansabdorga tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.

Navbatdagi sud majlisi 25-mayda o‘tkaziladi.