O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Karachi shahrida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Pokiston prezidenti Orif Alvi va bosh vaziri Imron Xonga ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Getty Images

Shavkat Mirziyoyev Pokiston xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 22-may, juma kuni Karachidagi aeroportdan, taxminan, 4 kilometr uzoqlikdagi turar joy binolariga yo‘lovchi samolyoti kelib qulagan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, havo kemasi bortida 99 kishi bo‘lgan. Ularning 97 nafari halok bo‘lgan va ikki kishi omon qolgan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, havo kemasining halokatga uchrashiga uning qushlar to‘dasi bilan to‘qnashuvi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.