O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

DSQ matbuot xizmatining yozishicha, OAVda qo‘mita markaziy apparati bo‘lim boshlig‘i va uning haydovchisida koronavirus aniqlangani haqida xabarlar tarqalgan. Qo‘mitaning aniqlik kiritishicha, aslida kasallik poytaxtning boshqa hududida joylashgan markaz xodimida aniqlangan.

“Kasallangan shaxs bilan DSQ xodimlari ham muloqotda bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi inobatga olinib, hozirgi vaqtda qo‘mita markaziy apparatining barcha xodimlari COVID-19’ga test topshirmoqda”, — deyiladi DSQ axborotida.

DSQ axborotida xodimda koronavirus infeksiyasi aynan qachon aniqlanganiga aniqlik kiritilmagan. Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi 23-may kuni Toshkent shahrida aholi orasidan ikki kishida koronavirus aniqlangani haqida xabar bergan edi. Ulardan biri “O‘rikzor” bozoridagi sotuvchi ekani ma’lum edi — aynan shu sababli bozor vaqtincha yopilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 3089 nafarga yetgan, ularning 2532 nafari allaqachon sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgan. Bemorlarning 13 nafari koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan. Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda aholi orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar tobora ko‘proq aniqlanmoqda.