Zamin fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Sardoba suv omboridagi falokat ro‘y bergan hududdan evakuatsiya qilingan aholi holidan xabar olish uchun Sirdaryoga qilgan tashrifi chog‘ida xalq bilan suhbatlashdi va falokatdan talafot ko‘rgan odamlarga hamdardlik bildirdi.

Foto: Telegram

“1-may kuni bo‘lgan voqeani eshitib, hammaning ko‘ngli vayron bo‘ldi. Kayfiyatingizni ko‘tarish uchun, ozgina bo‘lsa ham o‘z hissamizni qo‘shish uchun keldik.

Sizlarning g‘amingiz bizning dardimiz. Boshingizga tushgan bu qiyinchilik biz uchun ham bir sinov. Prezidentimiz kechayu kunduz shu tashvish bilan band, qanday qilib shu odamlarni kelajakka ishontirsam, og‘irini yengil qilsam, avvalgi hayotiga qaytarsam deydi. Ramazon hayiti hammangizga muborak bo‘lsin, hammangizga sabr, kuch-quvvat berishini Yaratgandan so‘rab qolaman”, — degan Ziroat Mirziyoyeva.

Ziroat Mirziyoyeva tashrif davomida suv toshqinidan keyin viloyat hududidagi boshqa xonadonlarga joylashtirilgan ko‘p bolali oilalar bilan ham suhbat qurgan.

Suhbatlar davomida Zamin fondi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hamkorlikdagi ijtimoiy loyihasi doirasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 11 ta zarar ko‘rgan mahallada istiqomat qilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 60 dan oshgan barcha qariyalarni 10 kun davomida poytaxtda va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida joylashgan sihatgohlar va dam olish maskanlariga, 7 dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yozgi oromgohlarga bepul taklif etilishi ta’kidlandi.

Ziroat Mirziyoyeva ushbu loyiha qariyalar va bolalarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan falokat asoratlarini unutishlari uchun tashkil qilinganini alohida qayd etdi.