Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan “Gazlineftqazibchiqarish” MChJga qarashli gaz quvuridan 20 tonnadan ziyod gazokondensat xomashyosini o‘g‘irlagan sakkiz nafar fuqaroning har biriga ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Jalol Sadirov ma’lum qildi.

Foto: Buxoro viloyat IIB

Gazokondensat xomashyosini o‘g‘irlaganlarning yetti nafari jinoiy til biriktirgan, bir nafari esa yakka holda jinoyat sodir etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, dastlabki o‘g‘rilik Jamshid Qobilov, Elmurod Norov, Qodir Ramazonov, Said Qahramonov, Ruslan Nabiyev, Farmon Nasimov, Sanjar G‘aniyevlar (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tomonidan 2019-yil 9-iyul kuni sodir etilgan.

Ular “Gazlineftqazibchiqarish” MChJga qarashli Qoraqo‘l tumani hududida joylashgan Uchqur-Kulbeshkak yo‘nalishidagi gaz quvurini teshib, quvurga xomut o‘rnatgan. So‘ngra yelim shlang ulab, mahsulotni quvurdan 500 metr uzoqlikda qazilgan va sirtiga selofan qoplama to‘shalgan hovuzga to‘kkan. Hamda har bir tonnasi 1 million 131 ming 690 so‘m bo‘lgan to‘rt tonna gazokondensat xomashyosini o‘g‘irlagan.

Foto: Buxoro viloyat IIB

Jinoiy guruh harakatini ikki kundan so‘ng davom ettirib, tungi soat 03:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida yana xuddi shu manzildan yetti tonnadan ortiq bahosi 8 million 621 ming 214 so‘mlik mahsulotni o‘g‘irlagan. Jami 12 tonna 618 kilogramm bo‘lgan 13 million 147 ming 974 so‘mlik gazokondensat xomashyosini o‘g‘irlab, mas’uliyati cheklangan jamiyatga moddiy zarar keltirgan.

O‘g‘rilar YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgach, kondensatni solyarka mahsuloti deya yolg‘on ko‘rsatma bergan. Bu holatni ular sud zalida tan olgan. Ta’kidlanishicha, talon-toroj qilingan 13 million 147 ming 974 so‘mlik zarar to‘liq qoplangan.

Foto: Buxoro viloyat IIB

Xuddi shunday o‘g‘rilik G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan fuqaro Barot Xolov (ismi sharifi o‘zgartirilgan) tomonidan ham amalga oshirilgan. U “O‘zneftgazqazibchiqarish” AJga qarashli kondan noqonuniy quvur orqali 9 million 279 ming 858 so‘mlik 8,2 tonna kondensat mahsulotini o‘g‘irlagani uchun javobgarlikka tortilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi hukmiga ko‘ra, gazokondensat xomashyosini o‘g‘irlagan va talon-toroj qilgan fuqarolar Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining “g” bandi (O‘g‘rilik) va 255-2-moddasi 2-qismining “b” bandi ( Neft quvurlarini, gaz quvurlarini, neft va gaz mahsulotlari quvurlarini yaroqsiz holatga keltirish) bilan ayblangan va har biriga ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.