Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ko‘p miqdorda ko‘knor va kannabis giyohvand moddasini yetishtirib, sotishni maqsad qilgan 80 yoshli otaxonga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyat IIB

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-may kuni Shofirkon tuman IIB xodimlari tomonidan “Qoradori-2020” tezkor tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbirda “Qalmaqoni” mahallasida yashovchi 80 yoshli otaxon R.R.ning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda uch sotix yerga 2524 tup ko‘knor, 4 tup kannabis giyohvand o‘simligi ekilib, parvarishlanayotgani aniqlangan.

Otaxon o‘simliklardan 19 kilogramm hosil olib, sotishni maqsad qilganligini ta’kidlagan.

Mazkur holat yuzasidan otaxonga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish), 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.