May oyining uchinchi haftasi ham o‘z nihoyasiga yetmoqda. Xo‘sh, bu hafta jahon hamjamiyati uchun qanday yakunlandi? “Daryo” dunyoda yuz bergan muhim voqealar tahlilini diqqatingizga havola etadi.

Koronaxabarlar

Bugungi kunimizni koronavirus haqidagi xabarlarsiz tasavvur qila olmaydigan bo‘ldik. O‘tgan hafta davomida jahonda koronavirus kasalligi bilan bog‘liq holatlar ayrim hududlarda oshishda davom etdi. Bu borada hamon AQSh karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, uning ortidan kelayotgan Rossiyani hafta oxirlariga kelib Braziliya quvib o‘tdi. Kasallik tarqalishini real vaqtda kuzatayotgan Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliyada COVID-19 koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 330 890 kishiga yetgan.

Braziliya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan bir sutka ichida yana 20 803 kishida koronavirus aniqlangan. Bu mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon kuzatilgan rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, bir sutka davomida 1 001 bemor vafot etgan. Butun mamlakat bo‘ylab koronavirus qurbonlari soni 21 048 kishiga yetgan. Bir qator xorij OAVlari Lotin Amerikasi davlatlarini pandemiyaning yangi o‘chog‘i bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.  Braziliyada kasallikning avj olib ketishiga, mamlakat prezidenti Jair Bolsonaru kasallikni “kichik gripp” deb, tegishli karantin choralarini ko‘rmagani sabab qilib keltirilmoqda.

Foto: Google Photos

O‘tgan haftada koronavirus to‘liq nazoratga olingani aytilayotgan Rossiyaning Checheniston avtonom Respublikasi prezidenti Ramzan Qodirovda koronavirus kasalligi aniqlanib, Moskvadagi shifoxonga yotqizilgani xabar qilindi.  Ma’lum qilinishicha, Qodirov kasallikning dastlabki alomatlaridan bir necha kun oldin shikoyat qilishni boshlagan, biroq dastlab bu alomatlar o‘tkir respirator virusli infeksiya alomatlari sifatida qayd etilgan. Keyinroq uning ahvoli tezlik bilan yomonlasha boshlagan va shifokorlar unga Moskvadagi kasalxonaga murojaat qilishni tavsiya etgan.

Markaziy Osiyo respublikalari orasida nisbatan kech kasallik borligi e’lon qilingan Tojikistonda kasallikni yuqtirib olganlar soni oshishda davom etmoqda. Hafta oxiriga kelib, mamlakatda 2 550 dan ortiq kishida koronavirus kasalligi aniqlangan. Mintaqamizda kasallikka chalinganlar soni borasida Qozog‘iston peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bormoqda. G‘arbdagi qo‘shnilarda esa vaziyat hamon noma’lum. Rasman Turkmaniston hududida kasallik bilan bog‘liq holat qayd etilmagan.

Bugungi kunga kelib butun dunyo bo‘ylab koronavirus kasalligiga chalingan bemorlar soni 5 million kishidan oshiqni tashkil qilmoqda.

Boshqa xabarlar

Nafaqat sanitar inqiroz, balki iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan Afg‘onistonda o‘tgan haftada yangi hukumat ish boshladi. Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani hamda sobiq bosh vazir Abdulla Abdulla 17-may kuni hukumat boshqaruvini bo‘lib olish haqidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda prezident vakili Siddiq Siddiqiy xabar qilgan.  “Ashraf G‘ani hamda Abdulla Abdulla o‘rtasida siyosiy bitim imzolandi. Abdulla Abdulla yarashtirish bo‘yicha Oliy milliy kengashga rahbarlik qiladi. Uning vakillari Kengash a’zoligiga va Vazirlar mahkamasi tarkibiga kiritiladi”, – deb yozgan Siddiq Siddiqiy Twitter’dagi sahifasida.

Abdulla Abdulla hamda Ashraf G‘ani

Foto: Reuters

Afg‘onistonning saylangan prezidenti Ashraf G‘ani 9-mart kuni qasamyod qilgan va faoliyatga kirishgan. Saylovlarda mag‘lub bo‘lganini tan olmagan Abdulla Abdulla ham shu kunning o‘zida parallel ravishda prezident sifatida inauguratsiya marosimini o‘tkazgan. Ikki kun o‘tgach, Ashraf G‘ani tomonidan mamlakat hukumatidagi bosh vazir lavozimi bekor qilingan.

O‘tgan haftada YeOII doirasida navbatdagi videokonferensiya muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqot chog‘ida so‘zga chiqqan Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston prezidentlari tashkilotning faoliyatidan norozi ekanliklarini izhor qildi. Jumladan, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini tasdiqlashni keyinga surishni taklif qildi.

To‘qayev bu hujjatni kengashga a’zo davlatlar vakillarining ertami-kechmi bo‘lib o‘tadigan yakkama-yakka uchrashuvidan keyin qabul qilish zarurligini ta’kidlgan. “Umuman olganda, uning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagan holda, qo‘shimcha muhokamani va o‘rganishni talab qiladigan ayrim muammolar mavjud deb hisoblayman”, — degan u.

Qirg‘iziston prezidenti So‘ronboy Jeenbekov tashkilotga a’zo ayrim davlatlarning koronavirus pandemiyasi sabab nazoratni kuchaytirib, mahsulotlar yetkazib berishda cheklovlar qo‘yib olganini ta’kidladi. “Ayrim davlatlar nazoratni kuchaytirib, mahsulot yetkazib berishga cheklovlar o‘rnatgan”, – degan Jeenbekov. U gap qaysi davlatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Foto: “RIA Novosti”

Ammo bunday holatlarga qarshi Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatlarini kengaytirishni tavsiya qilgan. “Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining mamlakatlar o‘rtasidagi to‘siqlarni olib tashlashdagi rolini kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz. Mavjud mexanizmlar komissiyada vakolatlar yo‘qligi sabab samara bermayapti. Shuningdek, komissiya a’zolarining mas’uliyatini ham oshirish lozim”, — degan Jeenbekov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Senati 11-may, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisda O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligini ma’qulladi.

Hafta oxirlariga kelib Pokistonda mudhish voqea sodir bo‘ldi. Pakistan International Airlines aviakompaniyasiga tegishli Airbus А320 yo‘lovchi samolyoti quladi. Uning bortida 107 kishi bo‘lgani xabar qilindi.  Layner Laxor shahridan Karachi shahriga reysni amalga oshirayotgan edi. Ma’lum qilinishicha, samolyot Karachi shahri aeroporti yaqinida, qo‘nishga bir daqiqa qolganda yerga qulagan. Samolyotning kutilmaganda qulab tushishiga samolyotning qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda mahalliy Nation gazetasining Twitter’ida ma’lum qilingan.

Pakistan International Airlines bosh direktori Arshad Malik matbuot anjumanida samolyotning texnik jihatdan soz holatda parvozni amalga oshirganini bildirgan. U aviahalokat sabablari bortdagi maxsus qurilma hamda qora quti ma’lumotlari asosida aniqlanishini qayd etgan. “Qora quti topilmagunicha bu borada aniq bir fikr aytib bo‘lmaydi”, – deya aviakompaniya rahbari so‘zlarini keltirgan Geo TV.

Samolyot qulashi oqibatida uning bortida bo‘lgan yo‘lovchilardan ikki nafari tirik qolishga muvaffaq bo‘lgan. Omon qolganlar kasalxonaga yotqizildi, olingan jarohatlarning og‘irlik darajasi haqida xabar berilmadi. Falokat natijasida 97 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Reuters agentligi samolyot portida 107 kishi bo‘lganini ma’lum qildi: 99 nafar yo‘lovchi va sakkiz nafar ekipaj a’zosi. Aviakompaniyaning Facebook’dagi bayonotida esa samolyotda ekipaj a’zolari bilan birga 99 kishi bo‘lgani yozilgan.