Olimlar butun dunyoda koronavirus pandemiyasi qachon tugashini prognoz qildi. Bu haqda Singapur texnologiyalar va dizayn universiteti tadqiqotchilariga tayanib, New York Post xabar berdi.

Foto: “Izvestiya”

Olimlarning fikricha, dunyo koronavirusdan 2020-yilning dekabr oyiga borib qutulishi mumkin. AQSh esa sentabr oxirlariga qadar kasallikni yengadi.

Ekspertlar kasallikka moyillik, infeksiyalangan va sog‘ayganlar dinamikasini tavsiflovchi infeksiya tarqalishining matematik modelidan (SIR-model) foydalangan.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, ularning prognozi to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin, shu sababli butun dunyo bo‘ylab karantin choralarini yengillashtirish bo‘yicha shoshma-shosharlik bilan qarorlar qabul qilmaslik kerak.

“Biror-bir prognozga asoslangan haddan ortiq optimizm tartib qoida va o‘z-o‘zini nazorat qilishning susayishiga olib kelishi bilan xavfli. Bu esa kasallar sonining ortishiga sabab bo‘ladi”, — deydi tadqiqotchilar.

Avvalroq Singapur universiteti olimlari aprel oyida COVID-19 koronavirusi epidemiyasining turli mamlakatlarda qachon yakuniga yetishi borasidagi taxminiy sanalarni e’lon qilgandi. Vaziyat tez o‘zgarayotgani tufayli ular bu boradagi barcha prognozlarini bekor qilgan va saytdagi grafikalarni o‘chirib tashlagandi.