Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida 23-may kuni voyaga yetmagan bola yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘ldi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa soat 13:00 larda “Bo‘ston” MFY hududidan o‘tuvchi mahalliy avtomobil yo‘lida yuz bergan. 1992-yilda tug‘ilgan S.X. Nexia-3 avtomobili tezligini me’yoridan oshirgan holda boshqarayotib, yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan 2009-yilda tug‘ilgan S.T.ni urib yuborib, YTH sodir etgan.

Oqibatda piyoda 11 yoshli S.T. og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Sho‘rchi tuman IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni Surxondaryoning Uzun tumanida Lacetti yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan ikki bolani urib yuborgandi. Oqibatda 8 yoshli bola hayotdan ko‘z yumgandi. Xuddi shu kuni viloyatning Qumqo‘rg‘on tumanida Captiva bilan to‘qnashgan traktor bir necha bo‘lakka bo‘linib ketgan, traktor yo‘lovchisi 13 yoshli bola 7-may kuni shifoxonada vafot etgandi.