Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi “Yurtim jamoli” mahallasida yashovchi 23 yoshdagi ikkinchi guruh nogironi S.N. Telegram orqali ehson va’da qilgan shaxsning gapiga ishonib, plastik kartasidagi bor pulidan ham ajraldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

3-may kuni soat 14:30 larda S.N.dan “Azizchik” nomli Telegram foydalanuvchisi uning hisob raqamiga ehson tariqasida pul o‘tkazib berishini aytib, tegishli bank plastik karta kodlarini yuborishini so‘raydi. Shundan so‘ng, u “Xalq banki” ATB tomonidan o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik karta raqami va plastik karta uchun kelgan SMS kodlarini yuboradi. Natijada firibgar S.N.ning plastik kartasidan 4 million 40 ming so‘m miqdoridagi pulini yechib oladi.

Bu haqda tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat etilgach, olib borilgan surishtiruv va qidiruv ishlari natijasida “Azizchik”ning shaxsi aniqladi. U Namangan viloyati Chust tumanidagi maktabning 9-sinf o‘quvchisi bo‘lib chiqqan.

Surishtiruv chog‘ida 17 yoshdagi o‘spirinning shu kuni Termiz shahridagi “Nilufar” mahallasida yashaydigan birinchi guruh nogironining ham “Aloqabank” ATB tomonidan ochilgan bank plastik kartasidagi 46 ming 854 so‘mini xuddi shunday yo‘l bilan kompyuter tizimi orqali yashirin talon-toroj qilgani aniqlangan.

Yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-modda (“O‘g‘rilik”) 3-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.