May oyining uchinchi haftasi dayjestiga ham yetib keldik. “Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz. Bunaqasini “O‘zbekiston 24” telekanalidan topolmaysiz.

Xabarlarni koronavirus mavzusi bilan davom ettiramiz. Shu hafta O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi malaka oshirish markazi xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shu munosabat bilan DSQ markaziy apparati xodimlaridan test olinmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan hafta poytaxtdagi O‘rikzor bozorida ham koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan fuqaro aniqlangani uchun bozor yopib qo‘yildi.

Xabaringiz bor, O‘zbekistonda karantin choralari asta-sekinlik bilan yumshatilib, jamoat transportlari qatnoviga ham ruxsat berish boshlangan edi. 18-may kunidan Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar (borish va qaytish) hamda Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temiryo‘l qatnovi (borish va qaytish) uchun koronavirus infeksiyasiga test topshirish talabi belgilangan.

Foto: Google Photos

Ammo karantin sharoitida aholining iqtisodiy holatini e’tiborga olib, shuningdek, harakatlanish vaqtida yo‘lovchilarning ijtimoiy masofa saqlashini nazarda tutib, qolaversa, fuqarolarning hududlararo harakatlanishida ortiqcha noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi ushbu talabni bekor qildi. Demak, koronavirus testisiz poyezdga chiqa olasiz.

Mamlakatda infeksiya tarqala boshlaganda “kun isisa yo‘qolib ketadi”, “keyinchalik mavsumiy grippdek o‘tadi”, degan umidli qarashlar tarqalgandi. Bugungi tajribamizdan xulosa yasab, bu fikrlar bir qadar yanglish bo‘lganini aytib o‘tamiz: COVID-19 oddiy shamollashga o‘xshagan mavsum kasali emas, asosan, karantin va shunga o‘xshash cheklov choralari sababli yuqish kamaymoqda. Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini kuzatilishiga asos bor, tuzalib chiqqanlar qayta yuqtirishi ehtimoli mavjud, emdori topilayotgani haqida ma’lumotlar juda oz, qachon va qayerda yaratilishi noma’lum, topilganda ham ommaviy ishlab chiqarish va tarqatish uchun bir yilga yaqin vaqt ketadi. Pandemiya holati bir yil yoki ko‘proq cho‘zilishi mumkin.

2020-yil 24-may soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3 164 (+14) nafarni tashkil etdi. Ayni paytda 2 565 (+33) nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aydi. Hozirda 586 nafar bemor davolanmoqda.

* * *

Sardoba ishi bo‘yicha ikki nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Gazeta.uz” nashrining huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbasining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchilar orasida 2018-yil 21-sentabrdan buyon “O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasi qoshidagi Sardoba suv ombori obyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi boshlig‘i Faxriddin Danaboyev (1987-yilda tug‘ilgan) ham bor. U Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Foto: Google Photos

21-may kuni Ziroat Mirziyoyeva va Saida Mirziyoyeva Sardoba suv ombori atrofidagi favqulodda vaziyat ro‘y bergan hududlarga tashrif buyurdi hamda suv toshqini bo‘lgan yerlardan evakuatsiya qilingan aholi bilan uchrashdi. Ziroat Mirziyoyeva raislik qiluvchi Zamin fondi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hamkorlikdagi ijtimoiy loyihasi doirasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 11 ta zarar ko‘rgan mahallada istiqomat qilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 60 dan oshgan barcha qariyalarni 10 kun davomida poytaxtda va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida joylashgan sihatgohlar va dam olish maskanlariga, 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yozgi oromgohlarga bepul taklif qilinadigan bo‘ldi.

* * *

Bu yilgi Ramazon har yilgisidan farqli o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlari namozxonlar bilan to‘lib-toshgan masjidlar salobatini har yilgidan ko‘proq sog‘indi. Toshkentda zuho namozi 24-may kuni soat 5:20 da o‘qildi.

Saudiya Arabistoni va Misrning Al-Azhar jomiasi karantin sababli Hayit namozini uyda o‘qish kerakligini aytgan bo‘lsa, Pokiston, Hindiston hamda bir qator fatvo uyushmalari, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati tomonidan Hayit namozini uyda o‘qib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Bu masala ixtilofli sanalgandir. Hozirgi murakkab epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, aholi salomatligini saqlash uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi zuho namozi o‘qishni tavsiya qildi. ...Hayit namozini o‘qiy olmagan kishi zuho namozini o‘qishi mustahab ekanini aytishgan”, — dedi idora fatvo bo‘limi yetakchi mutaxassisi Abdulatif Tursunov.

Makkа.

Fotо: AFP

Maktab bitiruvchilari uchun quvonchli bo‘lgan bir yangilikni dayjestimizga kiritdik. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning qayd etishicha, ko‘pchilik ota-onalarning iltimoslarini inobatga olib, bu o‘quv yili yakunidagi imtihonlar bekor qilinadi. Maktablarga o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy o‘quv yilining uchta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etiladi. Shu bilan birgalikda, “kundalik.com” tizimi joriy etilgan maktablarda karantin vaqtida tirishqoqlik bilan o‘qigan o‘quvchilarga rag‘batlantirish sifatida 4-chorakdagi faqat ijobiy baholarini ham yillik baholarini hisoblashda inobatga olish tavsiya etiladi.

* * *

Haftaning qizg‘in muhokamalaridan biri ikki nafar sport jurnalistining ishdan bo‘shatilishi bo‘ldi. “Oriyat Dono” radiokanalida efirga uzatilgan “Futbol plyus” loyihasi ishtirokchilari Bobur Akmalov, Jamoliddin Bobojonov va Xayrulla Hamidov o‘zaro suhbatda “O‘zbekiston 24” telekanali xususida tanqidiy fikr bildirib, kanal xabarlari haqiqiy hayotdan yiroq ekani haqida (“Susambil”da tashkil qilinganmi deya) mulohaza bildirgan. Shundan so‘ng MTRK rahbari Alisher Xadjayev ularni korporativ etika tushunchasidan yiroq ekanliklarini, sportchilar orasida juda qadrlanadigan jamoaviy birlik qadriyatini umuman tushunmasliklarini ta’kidlab, ularning professionalizmini shubhaga olgandi.

Bobur Akmalov.

Foto: Telegram

Ko‘p o‘tmasdan “Sport” teleradiokanalida 1-toifali muharrir shtatida ishlab kelgan Bobur Akmalov va “Sport” teleradiokanali bosh rejissori Jamoliddin Bobojonov bo‘shashga ariza yozgan. “Oriat dono” radiosidagi “Futbol plyus” loyihasi yopilgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Radioning YouTube’dagi sahifasida o‘sha kungi soni o‘chirib tashlandi.

Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda kuchli rezonans berdi. Qator jurnalist va blogerlar ishdan bo‘shagan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatladi.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.