O‘zbekistonda 25-may soat 23:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 26 kishiga ko‘payib, 3215 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, yangi kasallanish holatlarining 25 tasi karantin markazida aniqlangan. Ulardan 23 tasi Rossiyadan (Qozog‘iston orqali) O‘zbekistonga kirib kelgan va karantinga olingan fuqarolarda aniqlangan. Yana 2 nafari Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgani uchun karantinga olingan.

Shuningdek, 1 ta holat Toshkent viloyatida Qozog‘istondan kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida aniqlangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayevning ma’lum qilishicha, 25 may, dushanba kuni kasallik tasdiqlangan 51 nafar bemorning 36 nafari (70 foizi) xorijdan kelib, karantinga olingan fuqarolar bo‘lgan, qolgan 15 nafari esa karantin muassasalari hamda aholi orasidan aniqlangan.

Avvalroq O‘zbekistonda 25-may soat 16:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 9 kishiga oshib, 3189 nafarga yetgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan 2607 nafar fuqaro butunlay sog‘aydi, 595 nafar bemor davolanishni davom ettirmoqda, 13 nafar bemor esa koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan.