Koronavirus pandemiyasi, karantin kabi bir necha oylardan beri doimiy hamrohimizga aylangan mavzular, may voqeasi bo‘lmish Sardoba voqealari ijtimoiy tarmoqlar muhokama maydonining bosh mavzusi bo‘lib kelayotgani shubhasiz. Hafta davomida yana qaysi mavzular eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘ldi? “Daryo” ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari muhokamalariga qiziqib ko‘rdi.

Xabaringiz bor, o‘tgan haftada Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonda rus tili bilan bog‘liq vaziyatga izoh bergan edi. O‘zbek tili tarafdorlari tomonidan ushbu munosabatga qaratilgan fikrlar to‘lqini hanuzgacha tinchigani yo‘q. Holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy izohi taqdim qilinishi bir necha kun talab etdi.

Skrin: “Daryo”

Bundan tashqari, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov Mariya Zaxarovaning mazkur bayonotiga o‘z munosabatini bildirdi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa Facebook’dagi rasmiy sahifasida munosabat yozib qoldirdi. Bu mavzuda blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham faollikni yo‘qotmadi.

O‘zbekistonda barcha davlat tashkilotlarida o‘zbek tilida ish yuritilishi haqidagi talab bu ayni muddao va buning hech qanday vahima ko‘taradigan joyi yo‘q. Davlat tili o‘zbek tili bo‘lganidan keyin ish yuritish ham yuz foiz o‘zbek tilida bo‘lishi shart va bu hech qanday normalarga zid emas. “Men o‘zbekchani bilmayman” degan iddaolar ketmaydi. Davlat organlarida, tashkilot va idoralarida ishlayman, degan kadr o‘zbek tilini o‘rganishi lozim.

Endi fuqarolar murojaati, ular tomonidan kelib tushadigan xat-hujjatlar masalasiga kelsak, bu qonun fuqarolarga daxl qilmaydi. Fuqarolarning istagiga ko‘ra murojaat yoki xat rus tilida amalga oshirilishi mumkin va javob ham shunga mutanosib bo‘ladi. Davlat tili qoidalariga rioya qilmaganlarga javobgarlik belgilanmas ekan, til mavzusi sandiq ichida qolib ketaveradi. Hech kim nodavlat tashkilotlari, xususiy sektor va jismoniy shaxslarni bunga majburlamayapti. Ushbu qonunni bemalol, qo‘rqmay qabul qilib, bu mavzuga nuqta qo‘yish kerak. Turli xorijiy siyosatchilar bundan avval ham gapirib kelishgan, bundan keyin ham gapiraverishadi.

Dilnur Kamilov

2-3 yil avval fleshkadagi fotosuratni chiqarish uchun bir fotostudiyaga bordim. TTZdagi “Milliy taomlar” restorani biqinidagi sartaroshxona ichida. Rus kishi ekan, 50–55 yoshlar atrofida, sochlari oq, qotmadan kelgan, sergap, serharakat. Odatimiz – ruschada muddaoni tushuntirdim. Ensasi qotgandek tuyuldi, shang‘illaganicha fleshkamni olib kompyuteriga uladi.

— Menga qara, nega o‘zbekcha gapirmaysan?

— Rusligingizni bilib...

— To‘g‘ri, rusman, lekin shu yerda tug‘ilganman. Rus degani o‘zbekchani bilmaydi, degani emas-ku! O‘zbekchani bilaman. O‘zbeklar bilan armiyada xizmat qilganman. O‘zing ham viloyatdan ekansan, qayerdansan?

Qiziqishim ortib so‘radim: “Viloyatdan kelganimni qayerdan bildingiz?”

— Shevang toshkentchamas-ku! Qayerliksan?

— Namangandan!

— Iye, buni qara, xizmatdoshim namanganlik edi... Aka so‘zlashga tushib ketdi. Oxiri xulosa qildi: “O‘zi ayb o‘zinglarda, nimaga o‘zbekcha gapirmaysizlar? Shu yerda yashayaptimi, rusmi, boshqasimi, o‘zbekchani bilishi shart! O‘zbekcha gapiravering, aka!”

Xijolat bo‘ldim. Rus kishi mendan – o‘zbekdan o‘zbekcha gapirishni so‘rayotgan edi! O‘ylab qarasam, akaning gapida jon bor, tilimizni o‘zimiz hurmat qilmasak, kim hurmat qiladi.

2006—2007-yillarda Isroilda Ben Gurion universiteti qoshidagi institutida ishlaganman. Bir million atrofida rus tilida so‘zlashadigan aholi yashaydi. Men bilan birga ishlaydigan rusiyzabon hamkasblar qo‘lidan ivrit-rus lug‘ati tushmasdi. Sababi oddiy ekan: ivritni bilmagan ishga qabul qilinmaydi. Gazeta, saytlardagi ish beruvchilarning e’lonlarida uch narsa talab qilinishiga guvoh bo‘ldim: 1. Ivritni bilishi; 2. Mutaxassislik diplomi; 3. Tajriba... Bizda-chi?

Xulosa shudir: o‘z tilimizni o‘zimiz amalda qo‘llab-quvvatlamas, unga kuch bermas ekanmiz shu ahvolda qolaveramiz. Davlat tili borasidagi “status quo” o‘zgarmasa arosatda qolaveramiz, maslahatchilar ko‘payib boraveradi. Hozirgi kunda milliy mansublik tilga qarab belgilanayotgan bir vaqtda bu juda muhim.

Baxtiyor Abdug‘afur

Barchaga ma’lumki, yaqinda Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan edi. Undagi qoidalar juda sodda va tushunarli: agar davlat tashkiloti faoliyat va biznes faoliyatini amalga oshirishda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga amal qilmasa, mazkur tashkilotning mansabdor shaxsi ma’muriy jazoga tortiladi.

Jazo faqat vazir, hokim, qo‘mita raisi, rahbari va boshqa lavozimdagi davlat tashkiloti mansabdor shaxsiga nisbatan qo‘llaniladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari davlat tashkilotlariga har qanday tilda murojaat qilishi, odamlar bilan istagan tilida muloqot qilishi mumkin va bunga hech qanday to‘siqlar va jazo mavjud emas.

Davlat tashkilotlarida ishlaydigan turli tillarda so‘zlovchi boshqa millatga mansub fuqarolar istagan tillarida gaplashishlari va o‘z faoliyatlarini istagan tillarida olib borishlari mumkin. Bunga hech qanday to‘siq va e’tirozlar yo‘q. Davlat organlarining rasmiy hujjatlari boshqa tillarda ham yuritilishi mumkin. Qonun loyihasida davlat organlari va tashkilotlari davlat tilini hurmat qilishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston mustaqil davlat va o‘z tili, o‘z qadriyatlari, o‘z qonunlari va o‘z rivojlanish yo‘liga egadir. Shunday ekan, davlat tashkilotlari mansabdor shaxslari o‘zbek tilini bilishga va hurmat qilishga, shuningdek, davlat tilidan foydalanishi uchun mas’uliyatni his qilishga majburdirlar.

Hukumat hech qachon boshqa tillarda so‘zlashuvchi O‘zbekiston fuqarolarini  qanday millat, qaysi til, qaysi dinga mansubligidan qat’i nazar, jazolamaydi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi M. Zaxarova rasmiy minbardan turib, “....rus tili rasmiy til bo‘lishini ko‘pchilik o‘zbeklar istayotgani va qonun loyihasining tarafdorlari orasida deputatlar va aholi vakillari kamchilikni tashkil qilishi” to‘g‘risida munosabat bildirdi.

Qaysi ma’lumotlar bazasi mazkur qonun loyihasi tarafdorlari ozchilikni tashkil etishi to‘g‘risidagi tezisni tasdiqlaydi? Aftidan, Rossiyaning obro‘li davlat idorasining rasmiy vakili hozirgacha o‘zi suveren davlat qonun loyihalariga izoh berish o‘rniga tekshirilmagan, osmondan olingan ma’lumotlardan foydalanishda muntazam ravishda ayblab kelayotgan taniqli rossiyalik muxolifat blogeri bilan bo‘layotgan qarama-qarshiliklar doirasida qolib ketmoqda yoxud hanuzgacha undan uzoqlasha olmayapti.

Darvoqe, bevosita TIV departamenti boshlig‘i vakolatlari doirasiga kirmaydigan ishni qilgandan ko‘ra, bizning mamlakatimizda ro‘y berayotgan jarayonlarni, o‘zgarishlarni, shu jumladan, Rossiya va boshqa davlatlar bilan amalga oshirilayotgan ijobiy munosabatlarni chuqurroq tahlil qilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Aynan shu bugun Toshkent viloyatining Angren shahrida Sovet Ittifoqi qahramoni, Italiya milliy qahramoni F.Poletayevga o‘rnatilgan haykal qayta tiklandi.

Mana sizga xalqimizning asl ruhiyati va mentaliteti to‘g‘risidagi minglab misollarning birgina namunasi. Savollar ko‘p, lekin biz Rossiya rasmiy vakilini asossiz rasmiy bayonot berishda ayblashni istamaymiz. Chunki u tayyor tezisni o‘qidi xolos...

Ammo uning O‘zbekistonga nisbatan aytgan gaplarining samimiyligi shubha uyg‘otadi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda men va mening hamkasblarim shuni ishonch bilan ayta olamizki, bizning deputatlarimiz va senatorlarimiz umumxalq muhokamasi asosida davlat tili ustuvorligi, mavqesini mustahkamlaydigan qonun loyihasini albatta qabul qiladi va ma’qullaydi.

Yelena KOMPOLSHIK, Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” partiyasi a’zosi

Nomdor New York Times nashri Mariya Zaxarova so‘zlariga munosabat bildirgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi haqida kichik maqola e’lon qildi. Unda O‘zbekiston TIV rasmiy munosabatda Mariya Zaxarovaning ismini tilga olmagani alohida e’tirof etiladi. @Fayzboguz Telegram kanali maqolani tarjima qildi:

Dushanba kuni O‘zbekiston tomoni davlat xizmatlarini ko‘rsatishda o‘zbek tilidan foydalanishni ta’minlash rejalari yuzasidan Rossiyaning tanqidiga qarshi chiqdi. Bu Toshkentning Moskva bilan o‘zaro iliq munosabatlari fonidagi kamdan kam uchraydigan holat bo‘ldi.

Kuni kecha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritmaydigan amaldorlarni jazoga tortish haqidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlovchilar kamchilikni tashkil etishini aytib o‘tgandi. Shu bilan birga, Moskva sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonni “tarix, vaqt ruhi va ikki tomonlama munosabatlarning sifatiga to‘liq mos kelishini” ta’kidlab, rus tilidan rasmiy til sifatida  foydalanishga chaqirgan.

Ammo O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotida aytilishicha, hozirda qabul qilinmagan yangi qoidalarni yaratishda uzoq vaqtdan buyon amal qilinadigan qoidalarga rioya qilinishini ta’minlash kerak va bunday masalalar bo‘yicha qarorlar davlatning ichki siyosatidagi mutlaq huquqi bo‘lib, unga aralashish maqbul emas.

Bayonotda Rossiya nomi tilga olinmagan bo‘lsa ham, rus TIV “ba’zi bir rasmiy shaxslar” deb tilga olingan. Rus tili O‘zbekistonda keng miqyosda foydalaniladi, millionlab o‘zbek migrantlari Rossiyada ishlab, kun o‘tkazadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlariga ishongan o‘zbek ziyolilari esa Rossiyaning bu xatti-harakatidan tashvishga tushmoqda.

O‘zbekiston shu yili Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi bo‘lib kirdi, shuningdek, ROSATOM tashkiloti bilan kelasi yili o‘z hududida atom elektrostansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Ta’kidlash joizki, davlatning avvalgi rahbari Islom Karimov Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarda masofa saqlashga intilgan. Uning davrida bu kabi ishlarni amalga oshirish imkonsiz edi.

Skrin: “Daryo”

Rus internetida O‘zbekiston haqidagi tasavvurni shakllantirishda o‘zbek tili, o‘zbek tilli kontent mutlaqo inobatga olinmaydi. Rossiyalik ekspertlar, jurnalistlar fikr o‘rgansa, faqat rus tilidagi materiallarni ko‘zdan kechiradi, faqat rus tilini biladigan informantlar bilan suhbatlashadi. Natijada O‘zbekiston haqida mutlaqo noto‘g‘ri va bir yoqlama tasavvur hosil qilinadi. Hatto Meduza singari jiddiy resurslar shunday xatoga yo‘l qo‘ygan. “Vesti.uz”, AssiaTerra, “Podrobno.uz” singari propagandistik saytlarni-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Ularda bu hol qonuniyat darajasiga ko‘tarilgan.

Ba’zi o‘quvchilarimga yoqmasa ham yana til haqidagi qonun masalasiga qaytaman. Bu qonun qay darajada to‘g‘ri-noto‘g‘ri, kerakli-keraksiz, demokratik-nodemokratik bu — boshqa masala. Lekin o‘zbek jamiyatining unga munosabati haqida gapirsak, shaxsan menda quyidagi kartina yuzaga keldi: qonun loyihasidan faqat internet ahli xabardor, muhokamalar, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda ketmoqda, ba’zi saytlardagi maqolalar orqaligina kengroq omma xabar topmoqda bundan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bo‘linish quyidagicha: rus tilli segmentda barcha keskin qarshi, rus tilli segmentdan bir necha barobar katta bo‘lgan o‘zbek tilli segmentning mutlaq ko‘pchiligi qonunga xayrixoh, kichikroq qismi unda lisoniy huquqlar buzilishini ko‘rmoqda. O‘zbek internetida haqiqiy muhokama ketmoqda, rus segmentida esa yagona nuqtayi nazar mavjud – qonun yomon. Internetda ijtimoiy-siyosiy mavzularni kuzatmaydigan aholi, ya’ni mutlaq ko‘pchilik bu bahslardan ham, balki qonun loyihasining o‘zidan ham bexabar.

Bu – menda hosil bo‘lgan tasavvur. U mutlaqo to‘g‘riligiga kafolat bera olmayman; shu bilan birga, yondashuvlarning hech biriga o‘zi bahomni bermayapman. Til masalasi doim muammoli va muhokamali bo‘lib qoladi.

Bir narsani hamma tan olsa kerakki, muhokama ishtirokchilarining mutlaq ko‘pchiligi qonunga qarshi emas. Ular xolismi, yo‘qmi, bu boshqa masala.

Rus tilli saytlarga kirsangiz, zo‘r berib shu kartinaning mutlaqo teskarisini hosil qilishga urinishmoqda. Bahrom Ermuhammedovning ksenofobiya ruhidagi maqolasini chop etgan AsiaTerra saytida chiqqan material sarlavhasiga diqqat qiling: “Qonun loyihasi o‘zbek jamiyatini ikkiga bo‘lib yubordi” emish. Yuqorida aytganimdek, O‘zbekiston jamiyatining katta qismi bu muhokamalardan bexabar, oddiy xalq tirikchilik bilan band. Agar gap faqat internet haqida ketayotgan bo‘lsa, e’tirozlar tor doirada, rus tilli guruhlarda aytilmoqda, hech qanday jiddiy bo‘linish yo‘q. O‘sha doiradagi gaplarni kattaroq minbarlarga olib chiqib, vahima ko‘tarishga, bo‘linish illyuziyasini hosil qilishga urinishmoqda.

Yana bir narsaga e’tibor bering: faqat rus tilidagi muhokamalardan rus tilidagi qonunga qarshi izohlar keltirilyapti. Boshqa nuqtayi nazar borligi, mutlaq ko‘pchilik shu fikrning teskarisini aytayotgani esga olinmayapti. Qolaversa, bu yerda o‘ziga ma’qul nuqtayi nazar tarafdorlarini “qahramon”, “haqqoniyat kurashchilari” qilib, qarshilarni esa “millatchilar” qilib ko‘rsatishga, shu yo‘l bilan aytilayotgan “qarshi” fikrlarning qadrini tushirishga urinish bor. Nima emish, qonun loyihasini faqat “titul” millat hukmronligi tarafdorlarigina qo‘llayotgan emish, loyiha esa qonunchilikka to‘g‘ri kelmas emish, o‘zbek tilli fuqarolar loyihaga qarshi emish (“uzbekoyazichnix” so‘zini ham to‘g‘ri yoza olishmabdi).

Mana shunaqa soxta tahliliy materiallarga asoslanib keyin “butun O‘zbekiston aholisi qonunga qarshi” deb yurishadi. Mariya Zaxarovaga ham balki shunaqa yoziqlardan biri yetib borgani uchun shunday deb o‘ylagandir. Bu kabi medialar O‘zbekistonda o‘zbeklar yo‘qday tasavvur uyg‘otishda, ularning fikriga ko‘z va quloq yumishda davom etarkan, tomonlar bir-birini tushunishiga, eshitishiga umid qilmasa ham bo‘ladi.

Eldar Asanov

Til mavzusi ilgari ham bir necha marotaba ko‘tarilgan, bir necha yillardan buyon yechimini topolmay kelayotgan masaladir.

Hafta davomida Sardoba fojiasi bilan bog‘liq voqealar ham yuz berdi. Jumladan, niderlandiyalik ekspertlar Sardoba suv omboridagi toshqin sabablari bo‘yicha taxminlarni ma’lum qildi. Sardoba suv ombori ishi bo‘yicha ikki kishi qamoqqa olindi. Keyinchalik jurnalist Ibrat Safo niderlandiyalik ekspertlar bilan o‘tkazgan suhbatga ko‘ra, ekspertlar fikri noto‘g‘ri talqin qilingani aytildi. Ammo bungacha voqea ijtimoiy tarmoqlarni to‘lqinlantirib ulgurgan edi.

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha fuqarolarimiz tomonidan niderland mutaxassislarining Sardoba suv ombori haqida tayyorlagan tahlili noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari niderlandiyaliklarni noxolislikda ayblab, ularni turli so‘zlar bilan masxara qilmoqda va hattoki ular ortida boshqa insonlar, masalan, Toshkentdagi “Poytaxt” savdo majmuasi yonidagi avtoturargoh hech qanday tenderlarsiz Isroil Yunusov ismli “chexiyalik investor”ga topshirilgani kabi, o‘zimizning o‘g‘lonlarimiz turgan bo‘lishi mumkinligini kinoya qilishmoqda.

Ayrim blogerlar “Suv ombori o‘pirilishiga qattiq shamol va kuchli yomg‘ir sabab bo‘ldi”, degan “olamshumul xulosa”ni olishimiz uchun xarajat qilib (samolyotga ularning o‘zi pul to‘lagan degan o‘ydan yiroqman. Kamida charter qo‘yilgan) Niderlandiyadan ekspert chaqirishimiz shartmidi? Bunaqa “xulosa” bera oladigan “vatanparvarlar” o‘zimizda ham ko‘p edi-ku!” — deb yozishmoqda. Lekin nimagadir hech kim xabarni to‘liq o‘qib chiqishga harakat ham qilmagan yoki xabar mohiyatini to‘liq anglamagan.

Niderland mutaxassislari Sardoba suv omboridagi falokat borasida qanday fikr bildirishgan edi? Avvalo, bir narsani tushunish kerak, falokatni batafsil o‘rganish uchun hech kim Niderlandiyadan yurtimizga maxsus charter reyslar bilan tashrif buyurgani yo‘q. Deltares tahlil markazi mutaxassislari tomonidan e’lon qilingan hisobot sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida tayyorlangan.

“Suv o‘pirilish katta miqdordagi yog‘ingarchilikdan to‘g‘on haddan tashqari to‘lishi, shamol to‘lqini yoki quvurlar ichidagi eroziya natijasida sodir bo‘lishi mumkin”, — deyiladi ma’lumotda.

Mualliflar to‘g‘on o‘pirilishi bo‘yicha hisobot dastlabki ekanini, o‘pirilishning asosiy jarayonlari va sabablarini tushunish toshqinni chuqur va batafsil baholashni talab qilishini ta’kidlagan.

Fursatdan foydalanib barchani niderlandiyalik ekspertlar tahlillarini jiddiy qabul qilmaslikka chaqiraman. Bu shunchaki dastlabki xulosalar bo‘lgan. Biz hozirda davlat rahbari va’da berganidek, texnogen ofatni tahlil etish uchun Fransiya, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlardan dunyoning yetakchi ekspertlari taklif etilishi va ular tomonidan voqeaga xolisona baho berilishini sabr bilan kutishimiz kerak.

Temur Malik

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

AQShda ikkita damba o‘pirilishi oqibatida suv toshqinining yuzaga kelishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga Sardoba voqeasini eslatib yubordi.

AQShning Michigan shtatida ikkita to‘g‘on qulab, 3 500 dan ortiq uyni suv bosganidan so‘ng, ko‘pchilik voqeani Sardoba bilan solishtira boshladi. Mana AQShda ham bo‘ldi-yu degandek. AQShda halokat yuz bergani bor gap, lekin u bilan Sardobani oqlashga harakat qilmaslik kerak. Quyidagi narsalarga e’tiboringizni qaratgan bo‘lardim:

1. AQShdagi to‘g‘on 1924-yil, ya’ni deyarli bir asr oldin qurilgan. Bir asrdan beri qurilish va xavfsizlik texnologiyalarida juda katta o‘zgarish bo‘lgani tabiiy. Bizda bo‘lsa 2017-yilda zamonaviy loyihalar asosida zamonaviy texnologiyalar bilan qurib bitkazilgan, zamonaviy standartlardan kelib chiqib nazorat qilingan suv ombori quladi;

2. AQShda sun’iy tarzda xohlagan joyda qurilgan suv ombori emas, daryo o‘zanida qurilgan to‘g‘on quladi. Bu ikkalasi farqli narsa;

3. AQSh va boshqa rivojlangan davlatlarda sug‘urta sohasi yaxshi rivojlangan. Suv bosgan uylar va mulkni sug‘urta qoplab beradi. Bizda bo‘lsa bu uchun davlat budjetidan, ya’ni xalq to‘lagan soliqlardan juda katta miqdorda pul ajratishga majburmiz;

4. Michiganda suv toshqinidan ozor ko‘rganlar chorvachilik yoki dehqonchilikdan yashaydigan, butun tirikchiligi shunga qarab qolgan aholi emas. Bizda aholi nafaqat uyidan, balki daromad manbasidan ham ayrildi.

Umuman olganda, bu turli xil vaziyat va umuman AQShdagi holatdan Sardobani oqlash uchun foydalanish noto‘g‘ri qaror, nazdimda. Sardoba masalasida tergov natijalarini kutib qolamiz va umid qilamanki haqiqiy aybdorlar o‘z jazosini oladi”.

Firuz Allayev

G‘alati va noxush tasodif. AQShda ham ikki suv dambasi buzilib, aholini suv bosgan. Hozirdan tasavvur qilyapman: Sardobadagi mas’ullar mana ular sifatli qurgan bo‘lsa ham buzilibdi, deyishlarini. Lekin men boshqa narsaga e’tibor berdim: Damba 19-may kuni kechki payt buzilgan va suv toshib chiqishi vertolyotdan videosi yangiliklarda 19-may kunining o‘zida chiqarilgan. O‘zbekistonda esa Sardobadagi damba 1-may kuni ertalab buzildi. Ammo 1-may kuni yangiliklarda “Suv sizib chiqqan” degan gapdan boshqa hech nima yo‘q edi... Vertolyotdan olingan video esa 5-may kuni chiqdi. Shunda ham rasmiy OAV emas, videoni kimdir telefonida olib menga jo‘natgani uchun internetda tarqaldi. Oradan to‘rt kun o‘tib. Farqni sezyapsizmi?..

Aytgancha, AQShdagi dambalar 1925-yilda qurilgan. Salkam 100 yil oldin.

“Troll.uz”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Sardobadagi falokat oqibatida ilmiy izlanishlaridan ayrilgan qizga doktorlik unvoni berilishi ham hafta mavzularidan bo‘ldi desak, adashmaymiz.

Dissertatsiyasi suv bilan oqib ketgan ayolga doktorlik darajasini berilganidan ko‘rinib turibdiki, Prezidentning ilm-fanga e’tiborlari katta. Ammo hamma amaldorlar ham bunday emasga o‘xshayapti. Fanlar akademiyasining 42 nafar yosh olimlariga ipoteka sharti bilan ajratilgan uylar hali beri egalariga topshirilmagan. Bu xonadonlar berilishi bo‘yicha 2017-yil Prezident ko‘rsatmasi ham bor.

E’tibor bering, kvartiralar bepul emas, kvadrati 4 438 000 so‘mdan hisoblangan. 1, 326 milliard so‘m boshlang‘ich to‘lov ham amalga oshirilgan. Ammo uylardan haligacha xabar yo‘q. Ko‘rinishiga qaraganda, amaldorlar ilm-fanga rivojiga befarq.

Insonlar uysiz qolishi uchun tabiiy ofat ham kerak emas, amaldorlarimizning o‘zi kifoya ekan.

“Troll.uz”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

Skrin: “Daryo”

“Oriyat Dono” radiostudiyasi xodimlari suhbatining internetda tarqalishi ham muhokamalarsiz qolmadi.

O‘zim ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlaridan o‘tkir tanqidlarni o‘qigach, ba’zan “O‘zbekiston 24” telekanalini ham ko‘rib turaman. Shu onda stresslarim uchib ketadi, negadir. Kecha “bir guruh” jurnalistlar kanalni hazil aralash tanqidga olishdi. Menda ham kanal haqida hazil-haqiqatlar kelib qoldi. Xafa bo‘lish yo‘q.

Agar sen bizning qudratimizga shubha qilsang, “O‘zbekiston 24” telekanaliga boq;

Oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi “O‘zbekiston 24”;

Agar jannat yerda bo‘lsa, “O‘zbekiston 24”dadir O‘zbekiston;

O‘zbekistonda ikkita O‘zbekiston bor: biri internetdagi, ikkinchisi “O‘zbekiston 24”dagi;

Tanqidning yugurgani “O‘zbekiston 24” kanaligacha;

Dunyoni suv bossa, “O‘zbekiston 24”ga nima g‘am;

Antennang qiyshiq bo‘lsa ham “O‘zbekiston 24”ni ko‘rsatsin;

Xolamning oshini shirin qilgan “O‘zbekiston 24”ning suluv reportajlari;

“O‘zbekiston 24”: Betimning qalini — jonimning huzuri;

“O‘zbekiston 24”da oshnang bo‘lsa, qulog‘ingga paxta tiq;

“O‘zbekiston 24”: tepaga tupurma betga tushar;

Gul bir yon tikan bir yon, “O‘zbekiston 24” bir yon;

“O‘zbekiston 24”: tilingda bo‘lsa boling, kulib turar iqboling.

Zafarbek Solijonov

Skrin: “Daryo”

Davlat budjetidan, xalqning pulidan milliardlab mablag‘ sarflab, yangi kanal ochishdi. Texnikasi, jihozlari zamonaviy va eng so‘nggi rusumda; studiyalarida barcha sharoitlar muhayyo. Amerikada turib hatto men ham havas qildim. Ko‘pchilikning undan orzu-umidlari katta edi. “O‘zbekiston 24” yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi bo‘ladi, deb aytishdi, ochilishidan oldin yaxshigina PR bo‘ldi. Ishonchlar o‘zini oqladimi?

Afsuski, deyarli hech narsa o‘zgarmadi. Shakl o‘zgardi, ammo mohiyat emas. “Musaffo osmon” haqida eskirgan uslubda xabar (aslida, xabar ham emas, 80 foizi fikrdan iborat bir narsa) tarqatishda davom etyapti. Xabarlarini yolg‘on demagan bo‘lardim, ammo uni yetkazish uslubi shunaqangi eskirganki, to‘g‘ri gap xuddi qulog‘ingiz ostida “shang‘illab” eshitilayotgandek tuyuladi, ko‘nglingiz ayniydi. Mayli, propaganda bo‘lsin, mayli maqsad hukumatni maqtash, uning siyosatini yoqlash va xalqning prezidentga muhabbatini, ishonchini oshirish bo‘lsin. Bunga realist sifatida, shartli ravishda, roziman. Ammo mana shu propagandani professional va ishonarli tarzda amalga oshirish mumkin-ku! Nahotki, shuni eplay oladigan kadrlar O‘zbekistonda umuman bo‘lmasa?!

Hech kim ortiq ishonmaydigan eskicha uslublar bilan milliardlab mablag‘ni ko‘kka sovurishdan maqsad nima? Aslida bu kanal hukumatga, prezidentga qarshi kayfiyatning shakllanishiga xizmat qilmayaptimi? O‘zbekistonda bugun axborot maydoniga, shu orqali xalq kayfiyatiga ta’sir o‘tkaza oladigan qatlam — blogerlar, yosh jurnalistlar, ijtimoiy faol fuqarolar, ijtimoiy tarmoqlardan erkin axborot olishga o‘rgangan oddiy fuqarolar “O‘zbekiston 24”ni tomosha qilib, prezidentga yoki hukumatga mehr-muhabbati oshadi, deb o‘ylaysizmi? Aksincha, ensasi qotib, bu kanal “Susambil” degan davlatda tashkil qilinganmi, deb savol bermaydimi? Kanal uni ochishdan ko‘zlangan maqsadga emas, balki uning ziddiga, ya’ni islohotlarni xalq orasida obro‘sizlantirishga xizmat qilmayaptimi?

Xullas, bu kanal davlatga nafaqat moddiy zarar, balki siyosiy zarar ham yetkazyapti. Yangi O‘zbekistonni, Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatini obro‘sizlantirishga xizmat qilayotgandek, nazarimda.

Behzod Mamadiyev

“Oriyat Dono” radiosida har hafta efirga uzatiladigan “Futbol +” dasturining navbatdagi soni, aniqrog‘i, mana bu qisqa lavhasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Mazkur podkast boshlovchilari, Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonov, so‘nggi vaqtlarda internet foydalanuvchilarining ko‘plab tanqidlariga uchrayotgan “O‘zbekiston 24” telekanali to‘g‘risida fikr bildirib, uning ijtimoiy mavqesini katta so‘roq ostida qoldirishadi.

Ushbu rolik mamlakatimizda mavjud kontrastlar jamiyatini yana bir bor namoyon etdi: televideniye va turli tadbirlarda hech qanday shikoyatlarga o‘rin yo‘q — ishlar besh, Shimoliy Koreyaning o‘zginasi; internetda esa buning g‘irt teskarisi — erkinlik va demokratik jarayonlardan ufurib turadi. Garchi birinchi tomon ancha kuchli va qudratli bo‘lib tuyulsa-da, internetdagi O‘zbekiston unga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilib keladi. Bahs yakunida kimning qo‘li baland kelsa, yurtimizning keyingi taqdirini aynan u belgilab beradi.

“Fayzbog.uz”

Skrin: “Daryo”

Toshkentning eng qaynoq nuqtalaridan birida ish boshlagan “chexiyalik investor” ham bir nechta blogerlarning qalamiga tushdi.

Igna tashlasang, bo‘sh yerga tushmaydi. Toshkent shahri tobora zichlashib, bo‘sh yer deyarli qolmayapti. Balki megapolislar uchun shunaqa ham bo‘lishi kerakdir. Ammo shaharsozlik qoidalari, fuqarolarga qulayliklar haqida ham kimdir qayg‘uradimi?

Vijdonan ayting-chi, so‘nggi yillarda ko‘chalarda mashina qo‘yish uchun biror sharoit yaratildimi? Yo‘q. Aksincha, muammo tobora kattalashib bormoqda.

Kuni-kecha “Poytaxt” savdo markazi ro‘parasidagi avtoturargoh o‘rnida qurilish ishlari boshlandi. Xabar berilishicha, bu joy Toshkent shahar hokimining 2019-yil 28-martdagi 467-sonli qarori asosida Chexiyaning IMP NEW PAY kompaniyasiga 25 mln AQSh dollaridan kam bo‘lmagan investitsiya kiritish sharti bilan teppa-tekinga, hech qanaqa tenderlarsiz berib yuborilgan.

Eng qizig‘i, buni qarangki, qandaydir tasodif bilan Chexiya kompaniyasining 95 foizlik ulushiga o‘zimizning Real House qurilish firmasi rahbari, O‘zbekiston fuqarosi Isroil Yunusov egalik qilar ekan.

Va undan ham qizig‘i poytaxtning qoq markazida bozor qiymati taxminan 1 mln dollarga bo‘lgan bu joy berib yuborilgan Chexiyaning IMP NEW PAY kompaniyasining ustavida atigi 1000 kron (40 dollar) bor ekan.

Kimni aldayapmiz? Qachongacha aldaymiz?

Avtoturargoh borasidagi mantiqsizliklar haqida ikki og‘iz. Butun jamoatchilik agar bu yerda biznes markaz qurilsa, unda shu atrofdagi juda ko‘p tashkilotlarning xodimlari mashinasini qayerga qo‘yadi, axir bu yer markaz bo‘lsa, hamma yoqda taqiqlovchi belgilar bor bo‘lsa, bo‘sh joydan umid ham qilmasa bo‘ladi-ku, deya e’tiroz bildirmoqda. Shahar hokimligi esa qurilayotgan 9 qavatli binoning yerto‘lasidagi 3 ta qavatda bepul avtoturargoh bo‘lishini aytmoqda. Buzilayotgan sobiq avtoturargohda 180 ta avtomobil uchun o‘rin bo‘lgan bo‘lsa, qurilish bitganidan so‘ng 250 ta avtomobil uchun o‘rin qilinar ekan. Ya’ni 70 taga joy ko‘payadi.

“Demak, xavotirlarga o‘rin yo‘q, qurilish yakuniga ko‘ra avtoturargoh nafaqat yo‘qolmaydi, balki sig‘imi kengayadi”, deyiladi xabarda. Lekin bu gaplarda unchalik ham mantiq yo‘q, odamlarni chalg‘itish bor xolos. Hozir tushuntiraman: Ushbu avtoturargoh sig‘imi shundoq ham hozirgi sharoitda atrofdagi tashkilotlar xodimlarining ehtiyojlari uchun yetmas edi. Shu sababli ham o‘sha atroflarda ko‘chalarga taqiqlovchi belgilar tagiga ham mashinalar qo‘yib tashlanadi.

Chunki xalq shuncha majbur, boshqa iloji yo‘q. Endi tasavvur qiling, bu yerga uch qavati savdo do‘konlari, qolgan 6 qavati ofislardan iborat bo‘lgan biznes markaz qurilsa, demak hozirgi sig‘imga kamida yana 300 ta mashina qo‘shiladi deganimi? Ya’ni 250 talik avtoturargoh 9 qavatli biznes markazni o‘ziga kamlik qiladi-ku. Biznes markazni o‘ziga yetmasa, atrofdagi tashkilotlar xodimlari keyin nima qiladi?

Shunchaki tasavvur qilinglar, yuzlab insonlar mashinalarini qayerga qo‘yishadi? Bunga kimdir mantiqli javob bera oladimi? Ha, aytgancha yana bir gap. Shahar hokimligi investor (ya’ni yurtdoshimiz) qurilishni ancha kech boshlaganini aytmoqda. Xo‘sh, agar u qurilishni ancha kech tugatsa, unda nima bo‘ladi? Ya’ni qurilish aytaylik 5-6 yil davom etsa-chi? Demak 5-6 yilgacha 250 talik avtoturargoh ham bo‘lmaydi, shundaymi? Bu paytda aholi nima qiladi? Bu hozircha juda oddiy va yengil savollar xolos. Biz hali bir yumalab xorijiy investorga aylanib olgan mahalliy tadbirkorlarimizga hech qanaqa tendersiz, tekinga berilgan 1 mln dollarlik yer haqida chuqurlashib so‘ramayapmiz. Uni boshqa tegishli tashkilotlar ko‘proq so‘rashi kerak aslida...

Xushnudbek Xudoyberdiyev

“Poytaxt” savdo markazi ro‘parasidagi amaldagi parkovka hududida boshlanayotgan qurilish bo‘yicha ikki og‘iz.

4427- sonli Prezident qarori talablari bo‘yicha, yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat “E-ijro auksion” savdo maydonchasida elektron onlayn auksion orqali beriladi. Yoki yer uchastkasini taqdim etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bo‘lishi lozim.

Belgilangan qoidalarga ko‘ra, elektron onlayn auksion o‘tkazish to‘g‘risida xabardor qilish va lot to‘g‘risidagi ma’lumotni joylashtirish auksion boshlanishidan 15 kalendar kun oldin amalga oshiriladi. Mazkur uchastka “E-ijro auksion”ga qo‘yilganini men ko‘rmadim, kimdir ko‘rdimi?

Agar auksion yeng ostida o‘tkazilib, “g‘olib” aniqlangan bo‘lsa, uning kimligini, qanchaga va qanaqa shartlarda uchastka taqdim etilganini ochiqlanishi kerak-ku. Yoki uyaladigan, yashiriladigan joyi bormi?

Balki yer uchastkasini kimgadir berish to‘g‘risida Prezident yoki hukumat qarori chiqqandir dersiz? Lekin normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari portalini doimiy kuzatib boraman. Tegishli loyihaga ko‘zim tushmadi.

Xullas, judayam g‘alati. Nimalar bo‘layotganini jamoatchilik bilishga va so‘rashga haqli.

Bakiroo

Foto: Telegram / @Habikatura