Italiya shimolidagi Sporminor kommunasida 12 yoshli bola ortidan qadam-baqadam ta’qib qilgan yovvoyi ayiqdan o‘zini qutqardi, deb yozadi La Stampa.

Yuz bergan holatni bolaning amakisi videoga oldi va unga nima qilishni o‘rgatdi.

12 yoshli Alessandro qarindoshlari bilan Alp tog‘larida dam olayotgan edi. Kattalar piknik uchun joy tayyorlayotgan paytda o‘smir yon-atrofni tomosha qilish va noodatiy toshlarni topish uchun yo‘l oldi. Shu paytda daraxtlar orqasidan yovvoyi ayiq chiqib qoldi.

Alessandro ushbu safarga qadar yovvoyi hayvonlar bilan qanday munosabatda bo‘lish kerakligini o‘rgangan edi. U hayvonlarning ko‘ziga qaramaslik va keskin harakatlar qilmaslik kerakligini yaxshi bilardi. Bola xotirjam tarzda qarindoshlari tomonga yura boshladi. Oqibatda ayiq uni ta’qib qilishdan voz kechib, qochib ketdi.