NASA’da salkam yetti yil ishlagan Mark Rober hozirda turli aqlbovar qilmas mexanizmlarni yig‘ib, ko‘ngilxushlik qilmoqda. Bu safar Rober olmaxonlar ustida tajriba o‘tkazishga qaror qildi, deb xabar beradi Meduza.

Kadr: YouTube

Karantin vaqtida Rober o‘zining hovlisiga qushlarning oziqlanishi uchun oxur (kormushka) o‘rnatgan. Biroq bu borada muammo yuzaga kelgan: olmaxonlar boshqalarning ovqatini o‘g‘irlab, qushlarning och qolishiga sababchi bo‘lgan. Bloger bu kabi holat davom etishiga yo‘l qo‘ymay, yegulik uchun mehnat qilish kerak deb hisoblagan va olmaxonlar uchun to‘siqlar yo‘lagini tayyorlagan.

Hayvonlar yong‘oqlarga yetib borguniga qadar arqon yo‘l va labirintdan o‘tishi, aylanayotgan mexanizmlarda yugurishi, platformadan platformaga sakrashi, kovboy ko‘rinishidagi kamera qarshisida rasmga tushishi kerak bo‘lgan. Oxir-oqibat barcha to‘siqlarni bosib o‘tgan olmaxonlar yegulikni qo‘lga kiritishi mumkin. Roberning so‘zlariga ko‘ra, tajriba vaqtida hech kimga jarohat yetmagan.

Rober olmaxonlarning tirishqoqligi uchun ularni oziqlantirish maqsadida alohida mini-stol o‘rnatgan.