Yaqinda butun dunyo yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ladi. Ya’ni Crew Dragon Xalqaro kosmik stansiyasiga astronavtlarni eltadi. “Daryo” Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi kosmik poygada qanday qilib oldinda ketayotgani haqidagi Meduza e’lon qilgan maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

Agar hammasi rejadagidek ketsa, astronavtlar 27-may kuni deyarli to‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng birinchi marta Xalqaro kosmik stansiyaga Rossiyaning “Soyuz” eltuvchisida emas, balki Amerikaning SpaceX kompaniyasiga tegishli Crew Dragon kosmik kemasida yo‘l oladi. Bu seriyaga tegishli kosmik kemalar allaqachon bir nechta sinovlardan o‘tdi va ulardan biri yuk tashuvchi sifatida hatto XKSda bo‘lishga ham ulgurdi. Biroq shu paytgacha hech qachon odamlarning hayoti Ilon Mask kompaniyasining apparatlariga bevosita ishonib topshirilmagan edi.

Foto: Google Photos

SpaceX’da shu paytgacha bo‘lgan barcha parvozlar uchuvchisiz amalga oshirilgan. Shartli nomi SpaceX Demo-2 tarzda belgilangan joriy missiya esa Crew Dragon kosmik kemalarini shtat bo‘yicha ekspluatatsiyaga qabul qilinishi oldidan so‘nggi sinov parvozi bo‘lishi kerak va u “Atlantis” shattlidan ramziy estafetani qabul qilib oladi. Aynan “Atlantis” 2011-yilning 8-iyunida XKS tomon startga chiqqan va u Amerikaning hozircha oxirgi uchuvchili kosmik kemasi bo‘lgan edi. U ham hozirda Crew Dragon turgan LC-39A start maydonchasidan parvoz qilgan.

Shundoq ham noodatiy bo‘lgan SpaceX Demo-2 missiyasining ushbu parvozi yana bir jihati bilan o‘ziga xos noyoblikka ega bo‘ladi: tarixda birinchi marotaba, uchuvchili kosmik kemaning parvozi Floridadagi Jon Kennedi nomidagi kosmik markazda ko‘p sonli tomoshabinlarsiz amalga oshiriladi. Buning aybdori, albatta, koronavirus epidemiyasining davom etayotganidir.

Kanaveral burnidagi start maydonchasidan ikkita astronavtdan iborat ekipajning Falcon 9 Block 5 raketa eltuvchisida startga chiqishini faqat bir necha jurnalist va teleoperatorlar (shuningdek, ehtimol, AQSh prezidenti Donald Tramp ham) kuzatadi, xolos. Parvoz Moskva vaqti bilan 27-may, soat 23:33 ga rejalashtirilgan (Meduza voqeani onlayn yoritadi). Raketaning birinchi bosqichi o‘z asosiy vazifasini bajarib bo‘lganidan keyin Atlantika okeanida “Of Course I Still Love You” (“Albatta, men seni hamon sevaman”) nomli barjaga qo‘nishi kerak.

Birinchi uchuvchili Crew Dragon’ning ekipaji NASA’ning avval ham ikki martadan kosmik parvozni amalga oshirgan, tajribali ikki astronavtidan iborat. Shattlning sobiq uchuvchisi Duglas Xerli kema komandiri etib tayinlangan, uchish mutaxassisi Robert Benken esa XKS bilan o‘zaro birgalikdagi operatsiyalar komandiri etib belgilangan. Ekipajning bunday vazifalari kamdan-kam uchraydi va bunday vazifa faqat sinov uchishlarida taqsimlanadi, xolos. Odatda Crew Dragon singari kosmik kemalarning ekipaj tarkibiga komandir va bort muhandislari kiradi.

Xerli Crew Dragon’ning avtonom uchish qismiga mas’ul bo‘ladi, Benken esa XKS bilan avtomatik tutashuv va uzilishni nazorat qiladi. Ular birgalikda kemaning odamlarni orbitaga eltishga qay darajada tayyor ekaniga baho berishlari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ular SpaceX tomonidan ishlab chiqilgan skafandrlarning qulayligini va funksionalligini real sharoitlarda tekshirib ko‘rishlari lozim bo‘ladi.

13-may kuni astronavtlarni parvoz oldidan qilinadigan ikki haftalik karantinga jo‘natgan. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan ularni SARS-CoV-2 virusiga nisbatan ham tekshirib ko‘rishdi — NASA’dagilar ushbu virus XKSga borib yetishi ehtimolidan xavfsirashmoqda. 27-may kuni Jon Kennedi nomidagi Kosmik markazning karantin hududidan ularni start maydonchasiga NASA ramzi tushirilgan oq Tesla Model X elektromobili eltib qo‘yadi. Falcon 9 Block 5 raketa eltuvchisining birinchi bosqichiga ham, albatta, ushbu kosmik agentlik ramzi tushirilgan va e’tiborlisi, bu ramzning hozirgi talqini emas, balki 1975-yildan 1992-yilgacha oraliqda foydalanilgan avvalgi talqinidir.

Crew Dragon’ning XKSgacha parvozi, taxminan, bir sutka davom etadi. Ekipaj kema sistemalarining ish faoliyatini nazorat qilib turadi va ozroq uxlab oladi, xolos. 28-may kuni Crew Dragon XKSning Amerikaga tegishli segmentidagi Harmony modulining tutashuv moslamasiga avtomatik rejimda ulanishi kerak. Istalgan kishi hozirning o‘zida ushbu jarayonning simulyatsiyasini brauzer orqali SpaceX saytidan ko‘rishi mumkin.

Foto: Google Photos

Nafaqat yangi kema, balki (amerikaliklar uchun) yangi bo‘lgan avtomatik tutashuv sistemasi ham sinovdan o‘tadi.

Duglas Xerli va Robert Benken Kosmik stansiyada XKS-63 ning komandiri Kristofer Kessidi (AQSh) va bort muhandislari Anatoliy Ivanshin hamda Ivan Vagnerdan (Rossiya) iborat bo‘lgan asosiy ekspeditsiyasiga borib qo‘shiladi. Tutashuv avtomatik rejimda amalga oshishi kerak. Bu narsaning o‘zi alohida ahamiyatga ega emas: uchuvchili “Soyuzlar” hamda yuk eltuvchi “Progresslar” (shuningdek, Yevropaning kosmosga besh marotaba parvozlarni amalga oshirgan ATV yuk kemalari ham) boshidanoq stansiyaga avtomatik tutashib kelgan.

Biroq yangi SpaceX’ning o‘tmishdoshlari bo‘lgan Dragon yuk kemasi hamda uning raqobatchisi Cygnus ham XKSga o‘rnatilgan, Kanadaning Canadarm2 nomli manipulyatori yordamida qo‘lda boshqaruv rejimida tutashtirilgan edi. Xuddi “Soyuz”dagi singari Crew Dragon’da ham qo‘lda boshqaruv tizimi, albatta, ko‘zda tutilgan. Sinov parvozi mobaynida Robert Benken stansiya bilan qo‘lda tutashuv rejimini ham tekshirib ko‘radi.

Yangi kema ekipaji XKSda texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Missiya qancha davom etishi noma’lum.  Crew Dragon ekipaji kosmik stansiyada 30 kundan 119 kungacha bo‘lgan vaqt orasida qolishi mumkin. Missiyaning davomiyligi haqidagi yakuniy qarorni NASA tutashuv amalga oshgandan keyin qabul qiladi. Tutashuv shtat bo‘yicha kechganiga va germetiklik borasida e’tirozlar yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, mutaxassislar kemaning bort tizimlarining holatini har kuni baholab boradi.

Xerli va Benkenning faoliyati davomida shu paytgacha XKSni yig‘ish dasturi bilan bog‘liq bo‘lgan, shattllarda amalga oshirilgan qisqa parvozlar bo‘lgan, xolos. Lekin ular stansiyadagi ilmiy dasturlarda va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarida ishlash bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan. Astronavtlarning har ikkalasi Yulduzlar shaharchasida bo‘lgan va stansiyaning Rossiyaga tegishli segmenti bilan tanishgan. Missiya davomida ochiq fazoga chiqish borasida katta tajriba egasi bo‘lgan Robert Benken, Kristofer Kessidi bilan birgalikda stansiyaning tashqarisida nikel-vodorodli eski akkumulyatorlarni litiy-ionli yangi batareyalar bilan almashtiradi.

XKSdagi ishni tugatib va qaytarilayotgan yuklarni olib, Duglas Xerli va Robert Benken Yerga qaytadi va Florida yaqiniga, Atlantika okeaniga parashyutlar vositasida kelib qo‘nadi, o‘sha joyda ularni Go Navigator nomli qutqaruv kemasi chiqarib oladi.

Crew Dragon’ning qaytariladigan apparatlari ko‘p marta ishlatishga mo‘ljallangan, lekin NASA bilan shartnomaga ko‘ra, odamlarni stansiyaga eltish uchun qo‘llanganda ulardan bir marta foydalaniladi, xolos. Shunga qaramay, ushbu kapsulalardan SpaceX’da XKSga yuk yuboriladigan missiyalar uchun takroriy foydalanishga ruxsat berilgan.

Crew Dragon kosmik kemasining sinov parvozi muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda amerikalik astronavtlarni XKSga eltish uchun NASA “Roskosmos” bilan 2020-yilning oktabrida “Soyuz MS-17” kosmik kemasida parvoz qilinishi haqida shartnoma imzolab qo‘ygan. O‘sha ehtimoliy parvoz uchun NASA 90 million dollar to‘laydi. Shuningdek, keyingi ikki yarim yil mobaynida NASA  Xalqaro kosmik stansiyaga qo‘shimcha ravishda 800 kg Rossiyaga tegishli yuklarni olib chiqadi.

Ilk uchuvchili parvoz – SpaceX’ning yaqqol g‘alabasidir. Ilon Maskning kompaniyasi kosmik poygada Boeing’ni ortda qoldirdi. SpaceX yutuqlariga taalluqli bo‘lgan mashhur “o‘shanda gaplashamiz” nomli ro‘yxatni tez orada yana tahrirlashga to‘g‘ri keladi. Uchuvchili kosmik parvoz — xususiy kompaniya uchun fantastik natijadir.

Foto: Google Photos

SpaceX muvaffaqiyatlarining poydevori 2010-yilda AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama tomonidan o‘zidan avvalgi prezident Jorj Bush 2004-yilda e’lon qilgan, amerikaliklarning Oyga qaytishi haqidagi “Yulduz turkumi” dasturi to‘xtatilganidan keyin qo‘yilgan edi. Unchalik ham ishonchli bo‘lmagan va favqulodda qimmat deb baholangan shattllar o‘rniga “Tijoriy orbital transport xizmatlari” dasturi tajribasidan kelib chiqqan holda yuklarni XKSga eltishning tijoriy asosda amalga oshiriladigan uchuvchili kosmik kemalarni yaratish dasturini boshlashga qaror qilingan edi. Bu jarayon NASA rahbari Charlz Boldenning birinchi muovini Lori Garver tomonidan boshqarilgan.

2011-yili XKSning Amerikaga tegishli segmentini yig‘ish yakunlandi va “Atlantis”, “Diskaveri” hamda “Indevor” shattllari muzeyga yo‘l oldi. Amerikaliklarning kosmosga mustaqil ravishda uchishi borasidagi eng uzoq tanaffus shu tariqa boshlangan edi. Shundan boshlab, XKSga ekipajlarni eltish vazifasi “Soyuzlar”ga yuklandi va bu “Roskosmos”ga NASA bilan shartnomalar orqali mo‘maygina pul ishlab olish imkonini berdi. NASA o‘z astronavtlari bilan birga, XKS uchun qo‘shgan ulushiga ko‘ra kvota joylari ajratilgan mamlakatlar — Kanada, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyaning astronavtlari uchun ham pul to‘lagan.

Umuman olganda, Amerikaning kosmik dasturlarida (xuddi sovetlarning yoki Xitoyning dasturlarida ham bo‘lgani singari) avval ham uchuvchili parvozlar orasida muayyan tanaffuslar bo‘lib turgan. Ular orasida nisbatan kichik tanaffuslardan 1966-yildagi “Jemini-12” va 1968-yildagi “Apollon-7” oralig‘idagi ikki yilni ham yoki boshqa uzoqroq davom etgan tanaffuslarni ham aytish mumkin. 1975-yildagi “Apollon” parvozidan 1981-yilning 12-aprelidagi “Kolumbiya” shattli parvozigacha orada olti yil vaqt o‘tgan. Hozirgi tanaffus esa rekord bo‘ldi: shatllar o‘rnini bosadigan narsani yaratish uchun 10 yil talab qilindi.

Uchuvchili yangi kosmik kemalar konsepsiyasini ishlab chiqish borasidagi birinchi bosqich ishlari 2010-yilda boshlandi va o‘shanda NASA ushbu dastur uchun 50 million dollar ajratdi. Bu pullarni Blue Origin, Boeing, Paragon Space Development Corporation, Sierra Nevada Corporation va United Launch Alliance kompaniyalari taqsimlab oldi. Aytgancha, “Oryol” nomli Rossiyaning yangi avlod uchuvchili kosmik kemalarini yaratish borasidagi ishlar ham, taxminan, o‘sha paytda boshlandi.

Moliyalashtirishning 270 million dollargacha oshirilishi bilan ochilgan ikkinchi bosqich esa 2011-yilda boshlandi. NASA ajratgan pullarni o‘shanda to‘rtta kompaniya: Blue Origin, Boeing, Sierra Nevada Corporation va SpaceX kompaniyalari o‘zaro bo‘lishdi. Keyingi yili esa tanlovdan faqat uchta kompaniya — Boeing, Sierra Nevada Corporation va SpaceX o‘tdi, xolos. Ularga umumiy miqdorda 30 million dollar ajratildi.

2014-yilda ikkita g‘olib nomi e’lon qilindi va ular bilan astronavtlarni XKSga eltishga xizmat qiluvchi transport tizimlarini yaratish (raketa, uchuvchili kosmik kema va infrastruktura) shartnomalari imzolandi. O‘shanda SpaceX NASA’dan 2,6 milliard dollar oldi, Boeing’ga esa 4,2 milliard berildi.

Loyihalashning dastlabki bosqichlarida Crew Dragon kosmik kemasi hozir start maydonchasida turgan nusxasidan keskin farq qilardi. Masalan, konsepsiyada tormozlanishni faqat dvigatellar ta’minlashi nazarda tutilganiga qaramay, qo‘nishning parashyutsiz amalga oshirilishi reja qilingan edi. Biroq ishonchlilik borasida NASA tomonidan ilgari surilgan qat’iy talablar bu singari ko‘plab innovatsiyalarning yo‘lini to‘sdi va kema loyihasini baribir u yoki bu darajadagi “mumtoz” sxemaga keltirib qo‘ydi.

Foto: Google Photos

2019-yilning martida Crew Dragon’ning XKS tomon ilk parvozi amalga oshirildi (SpaceX Demo-1 sinov missiyasi). Kosmik kema o‘shanda XKSga oziq-ovqat mahsulotlarini eltib berdi va Yerga kerakli yuklarni olib tushdi. Astronavtlar o‘rniga o‘shanda kema bortida skafandr kiygan maneken joylashgan bo‘lgan va u o‘sha paytda o‘zining ekranga chiqqanining 40 yillik yubileyini nishonlagan  fantastik film — Ridli Skotning “O‘zga” filmidagi qahramon Ellen Ripli nomi bilan atalgan.

O‘sha lahzadan boshlab kosmik poygada Boeing’dan ko‘ra, SpaceX shubhasiz favoritga aylanganiga ishonch hosil qilingan edi. Lekin vaziyat atigi bir oy ichida o‘zgarib ketdi: 2019-yilning 21-aprelida Crew Dragon kapsulasi dvigatellarning yerdagi sinovlari vaqtida aynan avariya qutqaruvi sistemasining baholash testlari chog‘ida portlash yuz berdi. Boeing o‘zining Starliner nomli kosmik kemasi loyihasi bilan raqibni quvib yeta boshladi. 4-noyabr kuni uning avariya qutqaruv tizimi sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi, 20-dekabr kuni esa Boeing Orbital Flight Test deb nomlangan sinov missiyasi start oldi.

Bu Starliner’ning XKS tomon birinchi parvozi edi va u Rossiyaning RD-180 dvigatellari bilan jihozlangan Atlas V raketa eltuvchisida parvoz qilgan. Xuddi SpaceX Demo-1 missiyasidagi singari Starliner’ning parvozida ham astronavtlar o‘rniga bortga maneken joylashtirilgan edi. U Boeing kompaniyasining o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan skafandrga joylashtirilgan parchinlovchi Rouzi manekeni bo‘lgan.

Afsuski, Rouziga XKSga yetib borish nasib etmagan ekan. Kemaning parvoz vaqtini hisoblash sistemasi ishdan chiqqani sababli yoqilg‘i sarfi me’yoridan oshib ketdi. XKS bilan tutashuv bekor qilindi va kosmik kemani nisbatan pastroq orbitada avtonom parvozda sinovdan o‘tkazib, 22-dekabr kuni Nyu-Meksikodagi Uayt-Sends poligonida parashyut va ishirma yostiqchalar vositasida muvaffaqiyatli qo‘ndirib olindi. Parvoz natijalarini tahlil qilish natijasida ko‘p miqdordagi dasturiy ta’minot xatolari aniqlandi.

NASA esa Starliner’ning XKS tomon uchuvchisiz amalga oshiriladigan sinov parvozini uni ishlab chiqargan kompaniyaning o‘z hisobidan, albatta, takroriy amalga oshirilishi kerak degan xulosaga keldi. Shunda Boeing SpaceX bilan kosmik poygada yana autsayderga aylandi. Bu va boshqa muvaffaqiyatsizliklar esa oqibatda korporatsiyaning ijrochi direktori bo‘lgan Dennis Myulenburgning iste’fo berishiga olib keldi.

Ayni damda SpaceX dastlabki uchuvchili parvozga jadal yaqinlasha boshladi. 2020-yilning 19-yanvarida kompaniya Crew Dragon ekipajini parvozdagi raketadan avariyaviy qutqarish tizimini muvaffaqiyatli ravishda testdan o‘tkazdi. 1-may sanasida esa parashyutlar tizimini ham muvaffaqiyatli sinab oldi. Shu tariqa so‘nggi maxsus test — XKSga sinovchi-astronavtlarni eltish parvozini amalga oshirishdan oldin qilinishi kerak bo‘lgan barcha rasmiy talablar bajarildi.

Foto: Google Photos

Crew Dragon bilan bir vaqtda Rossiyaning yangi kosmik kemalarini yaratish ustida ish boshlandi. Uning ilk parvozi esa muttasil orqaga surilmoqda. Amerikaning astronavtlarni XKSga tijoriy asosda olib chiqish dasturi bilan taqqoslash uchun Rossiyaning to‘rt o‘rinli yangi avlod uchuvchili kosmik kemasi “Oryol” (avvalgi nomi “Federatsiya”) dasturini ko‘rsatish mumkin. Rossiyaning yangi kosmik kemasi ustidagi ishlar 2009-yilda boshlangan edi. Uning birinchi quyi orbital parvoz uchun mo‘ljallangan modelini 2017-yilda “Vostochniy” kosmodromidan yangi turdagi eltuvchi raketa — “Angara-A5P” vositasida sinov parvozga uchirilishi rejalashtirilgandi.

Lekin bir vaqtning o‘zida kosmik kemaning ham, raketaning ham va start maydonchasining ham qurilish ishlari kech qolayotgani sababli mazkur sinov parvozi avvaliga 2021-yilga kechiktirilgan bo‘lsa, keyinchalik bu muddat 2022-yilgacha kechiktirildi va endi gap “Vostochniy” kosmodromidan start haqida emas, balki Boyqo‘ng‘irdan amalga oshiriladigan start haqida bormoqda. Shuningdek, eltuvchi raketa ham endi “Angara” emas, balki “Soyuz-5” bo‘lishi belgilandi. Boz ustiga, parvoz yana ham keyinroq bo‘lgan boshqa muddatga qoldirildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “Oryol” 2023-yilda “Vostochniy” kosmodromidan “Angara A5P” raketasi vositasida parvoz qilishi lozim.