Tesla Cybertruck pikapining anonsi va uning o‘lchamlari (5,9 x 2,03 x 1,9 metr) haqida ma’lumotlar e’lon qilingach, ko‘plab munozaralar yuzaga keldi. Ma’lum bo‘lishicha, Amerikadagi avtomobillarga mo‘ljallangan aksariyat garajlarga bu mashina sig‘maydi. Shu sababli ushbu modelni biroz kichraytirish taklif etildi, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

Ilon Mask ushbu taklifga ijobiy yondashib, seriyali Cybertruck’ning o‘lchamlari prototipiga nisbatan 3 foizga ixchamroq bo‘lishini bildirdi. Biroq avtomobil garajga sig‘ishi uchun uning o‘lchamlari 3 foizga emas, 5 foizga kichraytirilishi kerak. Ammo keyinroq Ilon Mask pikap o‘lchamlarini kichraytirish umuman ko‘rib chiqilmayotganini ma’lum qilgan.

Mask o‘zining Twitter’dagi sahifasiga Tesla bosh dizayneri Frans Fon Xolsxauzen bilan Cybertruck dizaynini yana bir bor ko‘rib chiqqanini yozgan: “Hatto 3 foizga kichraytirilsa ham, bu juda kam. Deyarli oldingidek o‘lcham qolaveradi. Balki, qachonlardir kichkina, yengilroq mashina yaratarmiz”.

Auditoriyaning talabiga qaramay, Cybertruck modelining o‘lchamlariga o‘zgartirish kiritilmaydi. Maskning yozishicha, Tesla’da Cybertruck light shartli nomga ega yangi loyiha ish boshlashi mumkin. Agarda bu amalga oshsa, mazkur model o‘zidan oldingi modelning dinamik tavsiflarini saqlab qolib, arzonroq narxda sotuvga chiqadi. Modelga bo‘lgan talab dastlabki Cybertruck’dan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.