So‘nggi paytlarda yakkakurash, xususan, aralash jang san’ati va UFC vakillari ishtirokidagi bellashuvlar tobora shouga aylanib bormoqda. Buning ortidan sportchilar hamda promouterlik kompaniyalarining millionlab pul topishi ham hech kimga sir emas. Ammo Vyetnam urushi faxriysi, amerikalik Skip Holl hali bu unchalik urf bo‘lmagan vaqtlarda shoular uyushtirish bilan shug‘ullanardi. Quyida uning qisqacha hayot yo‘li va oktagondagi faoliyati hikoya qilinadi.

Foto: “Chempionat”

Harbiy xizmat

Skip Hollning armiyadagi o‘tmishi haqida turli xil ziddiyatli gaplar yuradi. Bir qator Vyetnam urushi faxriylari uning urush o‘chog‘ida qatnashganiga va maxsus xizmat a’zosi bo‘lganiga shubha qiladi. Ammo jangchining bu borada rad etish mushkul bo‘lgan o‘z versiyasi mavjud.

“O‘tgan asrning 60 yillarida boshqalar singari, men ham dunyo siyosatida hech narsani tushunmaganman. Men harbiy xizmatga chaqirildim va urush masalasi tez orada hal etilishiga umid qilib, tayyorgarlikning eng uzun yo‘lini tanladim. Afsuski, o‘sha paytga kelib ham, urush davom etardi. Shu bois Vyetnamga ketish uchun tayyorlana boshladim va hatto otib tashlashlari mumkinligini ham o‘yladim. Biroq hech bo‘lmaganda pul ishlab olish kerak degan fikrga keldim.

Keyin esa maxsus xizmatga kirish uchun sinovlardan o‘ta boshladim. Meni qabul qilishdi va bir necha mashg‘ulotlardan so‘ng dastlab Janubiy Koreyaga jo‘natishdi. U yerda koreys askarlariga portlovchi moddalarni qanday tayyorlash kerakligini o‘rgatardim. Ular esa o‘z navbatida meni ham mashg‘ulotlarga jalb qilib, taekvondo va boshqa jang san’atlarini o‘rgatishdi”, – deydi Holl.

Foto: “Chempionat”

Keyinchalik Skip Vyetnam urushida ba’zi yangi ko‘nikmalarni qo‘llaganini da’vo qilgandi. Holl Koreya va Vyetnamdan tashqari, Filippindagi AQSh harbiy qismida ham xizmat o‘tagan. Biroq yana bir bor ta’kidlash joiz, uning versiyasiga ba’zi odamlar unchalik ham ishonmaydi.

Tinch hayotga qaytish

Harbiy xizmatdan qaytgach, Holl dunyo avtosanoatining eng yirik kompaniyalaridan sanalmish General Motors’da maslahatchi, so‘ngra IT sohasida yuqori o‘rinlarda turuvchi IBM kompaniyasida ijrochi direktor bo‘lib ishlaydi. Biroq unda hamon jangchi ruhi yashardi.

U sog‘lig‘iga alohida e’tibor berar va muntazam ravishda mashg‘ulot olib borardi. Shunday qilib, Holl jiu-jitsu bo‘yicha mahoratini oshirdi va shu bilan birga pauerlifting (uch xil usulda tosh ko‘tarish mashqlari) bilan faol shug‘ullanib, hatto ushbu sport turi bo‘yicha turli mukofotlarga ham sazovor bo‘ladi. Yoshi anchaga borib qolganiga qaramay, 270 kilogramm og‘irlikdagi toshni turgan holatda, 180 kilogrammli toshni esa yotgan holatda ko‘tarishga muvaffaq bo‘ladi. Tan olish lozim, ajoyib natija!

Biroq Holl uchun bu yetarli emasdi. U 50 yoshga to‘lganida, aralash jang san’atlari haqida o‘ylay boshladi. Doimiy yuklamalar uni ko‘proq narsaga qodir ekanligiga ishontirardi. Bundan tashqari u to‘plagan tajriba va ko‘nikmalarining asqatishiga ham ishonchi komil edi. Taekvondo va jiu-jitsudan tashqari, Holl yoshligida boks bilan ham shug‘ullangandi.

MMA’dagi faoliyat

Nihoyat, 2001-yilning sentabr oyida Holl 57 yoshga to‘lganida, aralash jang san’atida debyut qildi. O‘shanda u MMA tarixidagi eng keksa jangchi bo‘lish g‘oyasida yonardi. U birinchi professional jangida 24 yoshli Maykl Bachkovich bilan uchrashadi, afsuski, birinchi raundning o‘zidayoq imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Muhimi, u o‘z niyatiga yetadi.

Debyut jangidagi erta mag‘lubiyatdan so‘ng Holl qariyb bir yarim yil pauza olgach, 2003-yilning fevral oyida yana oktagonga qaytadi. Afsuski, Hollni yana muvaffaqiyatsizlik kutardi, u Bob Ostovichga mag‘lub bo‘ladi. Bob Ostovich bungacha yettita jangda atigi ikki marta g‘alabaga erishgandi. Urush faxriysiga na xohish, va na tajriba yordam bermasligi aniq bo‘lib borayotgandi.

Ammo Holl kurashishdan to‘xtamaydi. U professional faoliyati davomida uch marotaba g‘alabaga erishadi va jami besh marta mag‘lubiyatga uchraydi. Uning oxirgi janglaridan biri 2006-yil avgustida yuz bergandi. 62 yoshli Skip UFC’ning sobiq chempioni Den Severn qarshi oktagonga chiqadi. O‘sha paytda Skipning bo‘yi 178 santimetr, vazni 93 kilogramm edi. “Hayvon” laqabli Denning og‘irligi esa 113 kilogramm, bo‘yi 188 santimetr bo‘lgan.

O‘lchovlardagi juda katta tafovut sabab Skip Holl 48 yoshli raqibiga jiddiy qarshilik ko‘rsatolmaydi va birinchi raundning o‘zida mag‘lub bo‘ladi. Ammo bu jangda jahon rekordi o‘rnatiladi — ikki jangchining umumiy yoshi 110 da edi.

Vanihoyat, sobiq askar va MMA rekordchisining so‘nggi jangi 2008-yilda, 64 yoshga yaqinlashgan vaqtda bo‘lib o‘tadi. Skip Holl Kelli Rendl bilan to‘qnashadi. Dastlab, hakam texnik nokaut bilan Rendlning g‘alabasini qayd etgandi, ammo keyinchalik Hollning ko‘ziga zarar yetkizgani uchun bahs natijasi bekor qilinadi.

Unchalik yorqin o‘tmagan ushbu jang ham o‘ziga xos tarzda tarixga kiradi. Holl o‘z rekordini yangilaydi – ikkala sportchining umumiy yoshi 111 tashkil qiladi. Ushbu jangdan keyin Holl sportga qaytmadi. Sportdagi g‘alabalari soni oz bo‘lishiga qaramay, u avlodlarini o‘zi haqida gapirishga majbur qila oldi.

“Faqat musobaqalardagina haqiqiy qobiliyatni tekshirish mumkin. MMA’da qatnashishimning sababi – men jang qilishni yaxshi ko‘raman. Bu men uchun o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Bu golf yoki softbol (beysbolning bir turi, undagi to‘p beysboldagiga nisbatan ancha yengil va yumshoq) kabidir. MMA – bu golf, lekin biz to‘pni urish o‘rniga bir-birimizga qarata zarba beramiz. Yoshlar meni qo‘llab-quvvatlaydi, dunyodagi eng murakkab sport turining bir qismi ekanligimdan xursandman. Men MMA’da juda ko‘p ajoyib insonlarni uchratdim”, – degandi Holl faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida.

Sentabr oyida Skip Holl 76 yoshni qarshilaydi. Shubhasiz, bunday buva nabiralar uchun faxr, barcha yoshlar uchun esa namuna bo‘la oladi.

UFC’da qayd etilgan eng tezkor nokautlarni tomosha qiling (video)

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!