Quyosh nuri D vitaminining tabiiy manbasi bo‘lib, u sog‘liq uchun ko‘plab foydali xususiyatlari bilan bir qatorda yuqumli kasalliklarga qarshi kurashuvchanlikni oshiradi.

Foto: EPA

AQShning Biologik himoyaga qarshi kurash va tahlil milliy markaz olimlari quyosh nuri SARS-CoV-2 virusini yo‘q qilishi mumkinligini, ammo u quyosh nurlari ta’sir qilish davomiyligi, kengligi va kunning qaysi vaqtida ta’sir ko‘rsatishiga bog‘liqligini aniqladi. Bu haqda ZMEScience ma’lum qildi.

Tajriba davomida tadqiqotchilar virus namunalarini tabiiy yorug‘likni beradigan lampalar ostidagi po‘lat plastinkalarga qo‘ygan. Tajriba natijasida 40 daraja shimoliy kenglikdagi tush paytini eslatuvchi sharoitda virusning 90 foizi so‘lak tarkibida 6-8 daqiqadan so‘ng, hujayradan tashqaridagi muhitda esa 14,3 daqiqa o‘tib o‘z faolligini yo‘qotishi aniqlandi.

Bu jarayon yorug‘lik intensivligi kamroq bo‘lganda ham kuzatiladi, faqat sekinroq amalga oshadi.

Qayd etilishicha, 40 daraja shimoliy kenglikda Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Gretsiya, Turkiya, Armaniston, Ozarbayjon, O‘rta Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Yaponiya va AQShning janubiy shtatlari to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Fransiyaning Provans universiteti olimlari tadqiqotlar davomida koronavirusni bir soat davomida 60 darajaga qizdirganidan keyin ham uning ba’zi shtammlari ko‘payish xususiyatini saqlab qolishi mumkinligini aniqlagandi. Koronavirus 92 darajada qizdirilgandan so‘nggina 15 daqiqa ichida to‘liq nobud bo‘lgan.

Rossiyalik virusolog, Nyu-York fanlar akademiyasi a’zosi Anatoliy Altshteyn ham issiq havoning koronavirusga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganib chiqib, issiq havo virusning tarqalishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini, biroq  odamlar yozda kasallikka kamroq moyil bo‘lgani sababli yozga borib, kasallik tarqalishi sekinlashishi mumkinligini ma’lum qilgandi.