Angliyaning Sasseks grafligi huquq-tartibot organlari xodimlari trassada harakatlanayotib, tezlikni katta miqdorda oshirgan Audi RS 6 Avant haydovchisini qidirmoqda, deb yozadi “Avtorambler”.

Spotted UK YouTube kanalida karantin paytida bo‘shab qolgan shosseda Audi haydovchisining soatiga 201 mil yoki 323 kilometr tezlikda harakatlanayotgani aks etgan video e’lon qilindi.

“Spidometr ko‘rsatkichi soatiga 323 kilometrga yetgani huquq-tartibot organlari xodimlarini xavotirga soldi”, — deyiladi xabarda.

Endilikda politsiyachilar haydovchining shaxsini aniqlashga hamda uni javobgarlikka tortishga urinmoqda.

“Videoyozuvni mutaxassislar guruhi tadqiq qilmoqda. Guruh haydovchining shaxsini aniqlash va uni javobgarlikka tortish maqsadida tekshiruv olib bormoqda”, — deydi Surrey va Sasseks grafliklari bosh politsiya inspektori Maykl Xodder.

Uning so‘zlariga ko‘ra, videoda qayd etilgan daqiqalar Sasseks politsiyasi ko‘rgan xavfli va mas’uliyatsiz avtomobil boshqarishning eng qo‘rqinchli misollaridan biridir.