AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni 100 ming kishidan oshib ketdi. Bu haqda kasallik tarqalishini real vaqtda kuzatib borayotgan Jons Hopkins universiteti ma’lumotlarida keltirilgan.

Foto: AP Photo

Umumiy hisobda esa dunyo bo‘yicha 353 ming kishi koronavirusdan vafot etdi. AQShdan tashqari kasallik qurbonlari soni Buyuk Britaniya (37,5 ming), Italiya (33,1 ming), Fransiya (28,6 ming) va Ispaniyada (27,1 ming) yuqori.

Epidemiya boshlanganidan buyon AQShda kasallanganlarning soni 1,69 million kishidan oshgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Amerika koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi o‘chog‘iga aylandi. Mazkur mintaqada joylashgan Braziliya kasallanganlar soni bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketdi va dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqdi.