Checheniston rahbari Ramzan Qodirov soppa-sog‘ ekanligini ma’lum qildi. U bu haqda “Grozniy” Checheniston davlat teleradiokompaniyasi direktori Ahmad Dudayevning Instagram’dagi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirida ma’lum qilgan. Bu haqda “TASS” xabar qilgan.

Foto: “TASS”

“Kasal bo‘lib qolsam ham, dunyoda millionlab odamlar ushbu infeksiyani yuqtirib olganda minglab bemorlar u tufayli vafot etmoqda. Koronavirus menga xavf solmaydimi, nima men odam emasmanmi? Kasal bo‘lishga ham haqim yo‘qmi? Tomchi dori qo‘yib immunitetimni ko‘tara olmaymanmi? Men soppa-sog‘man”, — degan Qodirov.

Qodirov pandemiya boshlangandan beri Grozniyda muntazam ravishda tibbiy tekshiruvlardan o‘tib turganini qayd etgan. U Ramazon hayiti bayramini o‘z uyida “o‘zni yakkalash” tartibida o‘tkazganini bildirgan.

Avval Baza, “TASS” va “Interfaks” nashrlari 21-may kuni Qodirovning koronavirus gumoni bilan Moskvadagi kasalxonaga yotqizilganini xabar qilgan. Shifokorlar uning ahvoli haqida ma’lumot bergandi. Ramzan Qodirovning o‘zi ham bir necha kun davomida omma oldida chiqish qilmagan, 24-mayda esa Hayit bayrami munosabati bilan videotabrik yo‘llagan, ammo unda Checheniston yetakchisining ovozi kadr ortidan yangragandi. 26-mayda Qodirov ijtimoiy tarmoqqa koronavirusga qarshi tezkor shtab yig‘ilishini o‘tkazayotgani aks etgan suratni yuklagan.