Boks bo‘yicha sobiq Jahon chempioni Mayk Tayson All Elite Wrestling’s Dynamite shousi mehmoni bo‘ldi.

U bilan birga ko‘rsatuvda UFC’ning amaldagi va sobiq chempionlari Vitor Belfort, Genri Sehudo va Rashad Evans ham ishtirok etdi.

Tayson sahnaga chiqib keldi va WWE yulduzi Kris Jeriko bilan o‘zaro tortishuvdan so‘ng uni turtib yubordi. O‘z navbatida Kris ham unga javob qaytardi va shou vaqtida ommaviy mushtlashish boshlanib ketdi. Tashkilotchilar va boshqa ishtirokchilar jangchilarni ajratishga muvaffaq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 53 yoshli Tayson ko‘rgazmali janglarda ishtirok etish uchun ringga qaytganini e’lon qildi. U professional boksda 56 ta jang o‘tkazib, ularning 50 tasida g‘alaba qozongan (44 nokaut) va olti bor mag‘lubiyatga uchragan.