Moskva meri Sergey Sobyanin shaharda karantin yumshatilishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Meduza. Bu haqda u Vladimir Putin bilan videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilgan.

Foto: “Daryo”

Sergey Sobyanin 1-iyundan boshlab tashrif buyuruvchilar bilan uzoq muddatli muloqotni talab qilmaydigan nooziq-ovqat do‘konlari, shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyatini qayta tiklashni taklif qildi.

Shuningdek, fuqarolarga ko‘chada sayr qilib yurishga sinov tariqasida ruxsat berish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan. Bunda ko‘chada birdaniga odamlar ko‘payib, “bozor” bo‘lib ketmasligi uchun u muayyan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 1-iyundan boshlab kasalxonalar rejali tibbiy yordam ko‘rsatishga asta-sekin o‘ta boshlaydi.

Sobyanin shaharda 12-maydan boshlab mingdan ortiq qurilish obyektlaridagi ishlar, shuningdek, sanoat korxonalari tiklanganini, bir vaqtning o‘zida transportda qo‘lqop-niqob rejimi joriy etilganini ta’kidlab o‘tgan.

Moskva merining bildirishicha, o‘tgan ikki haftda koronavirusga chalinish va kasalxonaga yotqizish holatlari soni kamaydi. Vaziyat barqarorlashdi va yaxshilandi, bu esa cheklovlarni yanada yumshatish imkonini beradi.

Avvalroq Sergey Sobyanin turli aholi guruhlarining skrining tadqiqotlari asosida Moskva aholisining 2 foizi koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, bu pandemiya tarqalgan dunyo shaharlari orasida eng past ko‘rsatkichdir.