Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi ruhiy asab-kasalliklar shifoxonasining erkak xodimlari ayol bemorlarni muntazam ravishda kaltaklab kelishi, ularni jinsiy aloqaga majburlashi haqida ma’lumot qoldirildi. Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi esa xabardagi gaplarni rad etdi.

Foto: “Daryo”

“Shifoxonaning ishchi xodim va rahbarlari gunohdan qo‘rqmaydiganlardan, — deydi bu haqda ma’lumot qoldirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi. — Faktlar mavjud va bu qo‘shmachilar, asosan, shifoxonaning erkak xodimlari”.

Bu haqda ma’lumot qoldiruvchi holat o‘rganilib, aybdorlarga jazo tayinlanishi kerakligini ta’kidlaydi.

Ushbu holatga munosabat bildirgan Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati esa mazkur ma’lumotni asossiz ekanligini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xalq tilida “Avrora ayollar ruhiy kasalliklar shifoxonasi” deb ataladigan ilgari Qarshi tumanidagi Navro‘z qo‘rg‘onida joylashgan muassasa haqidagi tanqidiy postga javoban quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Postda bildirilgan fikrlarni mutlaqo asossiz, deb hisoblaymiz. Mazkur muassasa bundan yetti oy muqaddam viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining 2019-yil 14-oktabrdagi buyrug‘iga asosan Qarshi shahri Islom Karimov ko‘chasi 85-uyda joylashgan 190 o‘rinli viloyat ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasining yangi binosiga to‘liq ko‘chirib o‘tkazilgan va ayni paytda shu yerda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Navro‘z qo‘rg‘onidagi binoda esa hozirgi vaqtda bemorlar saqlanmaydi.

Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi

Avvalroq aynan shu shifoxonada davolanayotgan ayol boshqa bemorlar tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berilgandi.