Suriyaning Idlib viloyatidagi M4 trassada harakatlanayotgan turk harbiylarining karvonida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Soczu xabar qilgan.

Foto: Soczu

Xabarga ko‘ra, harbiylar harakatlanib kelayotgan vaqtda qo‘lbola portlash uskunasi ishlab ketgan. Hodisa oqibatida talafot ko‘rganlarning ayrimlari og‘ir ahvolda ekani aytilmqoda. Vaziyat yuzasidan boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar berilmagan.

12-may kuni ham Idlibda Rossiya—Turkiya patrul karvonida portlash sodir bo‘lgandi. O‘shanda turk harbiylari mahalliy aholini tarqatish maqsadida yorug‘lik va qattiq shovqin soluvchi granatalarni faollashtirgan va buning oqibatida portlash sodir bo‘lgandi. Lekin u voqeada hech kim jarohatlanmagan.

Rossiya hamda Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyip Erdo‘g‘on Suriyada o‘t ochmaslik tartibini joriy qilishni 5-martda kelishib olgan. Tomonlar Idlibdagi barcha hududlarda harbiy harakatlarni to‘xtatish, M4 trassasida xavfsizlik yo‘lagi tashkil qilishni maqsad qilgandi. Ushbu shartnomaning imzolanishiga Idlibdagi vaziyatning keskinlashuvi sabab sifatida ko‘rsatilgan, yanvar-fevral oylarida hududda Turkiyaning 62 nafar harbiysi halok bo‘lgan.

Avval aprel oyida Suriyada benzovoz portlashi oqibatida tinch aholi vakillaridan 40 nafari halok bo‘lgani xabar qilingan.