Finlyandiyadagi teleshoularning birida noodatiy tajriba o‘tkazildi: boshlovchilar Tesla Model X elektromobilini velosipedlar va inson kuchidan foydalanib, quvvatlantirishga urindi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Tajriba uchun studiyaga generatorga ulangan 9 ta velosiped o‘rnatilgan va professional velosipedchilar taklif etilgan. Ular 20 daqiqa davomida velosipedning tepkilarini aylantirib, elektrokarni quvvatlantirishga uringan.

Sportchilar 1,2 kilovattga yaqin energiya ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lgan — har bir ishtirokchi o‘rtacha 133 vattdan. Buncha energiya Model X’ning yana ikki kilometr yurishi uchun yetarli bo‘ladi. Biroq professional velosipedchilarning trassadagi o‘rtacha tezligi 30 km/soat ekanligi hisobga olinsa, sportchilar 20 daqiqa davomida o‘n kilometr masofani bosib o‘tgan, ya’ni ishtirokchilar elektrokarga qo‘shilgan masofadan besh barobar ko‘proq harakat qilgan.

Tesla Model X’ning elektr quvvati modifikatsiyasiga qarab 411 kilometrgacha yetadi. Avtomobilni to‘liq quvvatlantirish uchun velosipedchilar 80 soatdan ortiq harakat qilishiga to‘g‘ri keladi. 3,6 kilovatt elektr energiyasi tarqatuvchi 220 voltli kuchlanishga ega oddiy maishiy rozetka esa elektrokarni yarim kun davomida quvvatlantira oladi.