Xitoyda so‘nggi bir sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 2 ta hamda kasallik belgisiz o‘tayotgan 23 ta holat qayd etildi. Bemorlardan hech biri vafot etmadi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasiga tayanib.

Foto: Getty Images

Yangi kasallanish holatlarining har ikkisi chetdan yuqtirilgan bo‘lib, Shanxayda qayd etilgan.

Epidemiya boshlanganidan buyon Xitoyda 82 995 kishi koronavirusga chalingan. Bemorlarning 78 288 nafari sog‘aygan, 4634 nafari vafot etgan. Kasalxonalarda 73 nafar bemor davolanmoqda.

Shuningdek, sutka davomida 23 kishi infeksiyani belgilarsiz tashuvchi sifatida qayd etilgan. Shunday kishilarning yana 413 nafari shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Janubiy Koreyada esa sutka davomida 79 kishi koronavirusga chalingani qayd etildi. Kasallanganlarning umumiy soni 11 344 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (KCDC) ma’lumotlariga tayanib.

Bundan bir kun avval kasallanishlar soni ortib, 40 kishida koronavirus aniqlangandi. Epidemiya boshlanganidan buyon kunlik kasallanishlar soni 80-90 tadan 10-20 tagacha kamaygan, 6-may kuni esa bu ko‘rsatkich 2 kishigacha tushgandi.

Seulning odam gavjum bo‘lgan Itxevon hududidagi klub va barlarda kasallik yuqtirganlar soni kamida 259 nafarni tashkil qilmoqda.

Virusni ommaviy yuqtirish bilan bog‘liq boshqa holatlar ham aniqlangan. Xususan, koronavirusga chalinishning oldini olish bo‘yicha choralarga yetarlicha amal qilmagan Puchon shahridagi Coupang kompaniyasi omborxonasida kamida 69 kishi virusni yuqtirib olgan. Ayni paytda omborxonaning xodimlari va unga tashrif buyurgan jami 4159 kishi karantinga olingan. Juma kuni ularning koronavirusga test natijalari chiqishi lozim. Shu sababli qayd etilgan kasallanishlar soni yana ortishi kutilmoqda.