Italiya sport vaziri Vinchenso Spadafora A Seriya o‘yinlarini davom ettirishga ruxsat berdi, deya xabar qilmoqda La Gazzetta dello Sport.

Foto: Getty Images

“Italiya chempionati 20-iyunda start oladi. Umid qilamanki, 13—20-iyun oralig‘ida Italiya Kubogi doirasidagi bahslar bo‘lib o‘tadi”, — deydi Spadafora.

Ta’kidlanishicha, Spadafora Italiya bosh vaziri Juzeppe Kontedan mavsumni 20-iyunda emas, 13-iyunda boshlashga ruxsat so‘ragan. A Seriyaning 25-turidan o‘rin olgan to‘rtta qoldirilgan o‘yin mavjud. Mazkur o‘yinlarni 13-iyunda o‘tkazib olish reja qilinmoqda. 20-iyunda esa 26-tur o‘yinlari boshlanadi.

Shuningdek, 13-iyun kuni Italiya Kubogi yarim finalining javob o‘yinlarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Musobaqa juftliklari quyidagilar: “Napoli” — “Inter” (1:0 — ilk o‘yin) va “Yuventus” — “Milan” (1:1 — ilk o‘yin).

Avvalroq A Seriya rahbariyati mavsumni 13-iyundan qayta davom ettirish rejasini amalga oshirish niyatida ekani xabar qilingandi.

O‘yinlar tomoshabinlarsiz bo‘lib o‘tadi. Agar klubning biror futbolchisi yoki xodimida koronavirus aniqlanadigan bo‘lsa, u holda butun jamoa 14 kun mobaynida o‘z bazasida karantinga olinadi.

Eslatib o‘tamiz, Italiya chempionati koronavirus pandemiyasi sabab 9-mart kuni to‘xtab qolgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!