Qahvani qanday qilib to‘g‘ri ichish kerak, nimalar haqida indamagan ma’qul, nima bilan maqtansa bo‘laveradi, ichiga jin kirib olgan odam qanday ataladi? “Daryo” Arzamas saytida e’lon qilingan arab dunyoqarashini aks ettiradigan tushunchalar haqidagi maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

Arab dunyosi 13 million kvadrat kilometrdan ziyod hududni egallaydi va yuzlab lahjalarda gaplashadigan 23 mamlakatni o‘z ichiga oladi. Ularning har birining o‘z tarixi, an’analari, turmush tarzi mavjud. Quyida arab yerlarida yashovchi odamlarning ko‘pchiligi uchun umumiy bo‘lgan, aholi madaniyatini tushunishga yordam beruvchi 11 so‘z bilan tanishasiz.

1. Inshaalloh!

Xudo xohlasa!

“Inshaalloh” so‘zma-so‘z o‘girilganda, “agar Xudo istasa” degan ma’noni beradi. Bu so‘z Qur’onda bir necha o‘rinda uchraydi, zamonaviy arab tilida esa uni shunchalik ko‘p qo‘llaydilarki, u amalda hamma gap ichida, albatta, uchraydi. Arablar aksariyat voqea-hodisalarni odam o‘zi emas, balki Xudo iroda qiladi deb ishonishadi va shu sababli ham kelasi zamonda gapirganda deyarli har doim “inshaalloh”, deb qo‘shib qo‘yishadi. Yevropalik odam manavi avtobus o‘sha yoqqa ketyaptimi, yo‘qmi, bu haqda so‘rasa va unga javoban tasdiq ma’nosida ushbu so‘zni eshitsa, albatta, hayron qoladi.

Sahrodagi ibodat. Giza piramidalari tumanidagi bir guruh arablar, 1911-yil.

Foto: Wikipedia Commons

Boshqa tarafdan esa “inshaalloh” deyish bu — ayyorlik bilan rad javobini berish usuldir. Gap shundaki, arab madaniyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri “yo‘q” deyish urf emas. Uning o‘rniga “inshaalloh” deb qo‘yilsa, unda odamni ranjitmay, unga “yo‘q” degandek ham bo‘ladi. Bunday hollarda arablar in šāʾ aḷḷāh bukra– “Xudo xohlasa, ertaga” deyishadi. Bu “ertaga o‘rik pishganda” degan ma’noni beruvchi bukra fi l-mišmiš iborasi bilan teng ma’noga ega. “Inshaalloh” formulasi arab bo‘lmagan boshqa musulmon xalqlar tillariga ham o‘zlashtirilgan bo‘lib, Rossiya musulmonlari nutqida ham tez-tez qo‘llanib turadi.

2. Al-fus’ha

Adabiy arab tili

Adabiy arab tilini diniy va dunyoviy maktablarda o‘rganishadi, rasmiy nutqlar, diniy ma’vizalar va yangiliklar dasturini ham shu tilda o‘qishadi, yozuvlarni ham adabiy tilda yozishadi, lekin amalda hech kim bu tilda gaplashmaydi. Arab mamlakatlarida Islom paydo bo‘lganidan buyon o‘tgan o‘n to‘rt asr mobaynida har qanday boshqa til singari kuchli o‘zgarishlarga yuz tutgan qadimgi arab tilining avlodlari bo‘lmish ko‘p sonli lahjalarda gaplashiladi. Sodda tushunchalarga ko‘ra, lahjalarni arablar eski grammatikadan chetga chiqib ketgan, “toza emas” til deb hisoblaydi, adabiy tilni esa – to‘g‘ri va “toza” til deb biladi. Arab tilida “til” ma’nosini bildiradigan muannas shaklli al-luġa so‘ziga sifat tarzida bog‘lanadigan al-fuṣḥā so‘zi “eng aniq, sof, nutq san’ati” degan ma’noni anglatadi.

Arab maktabi. Qohira, 1900-yil.

Foto: Art.com

Zamonaviy Misrda eng mashhur film qahramonlaridan sanaladigan oddiy fuqaro al-Limbi “Al-Limbi islomdan avvalgi zamonda” deb nomlanuvchi filmda VI asrdagi Arabistonga tushib qoladi va u yerda al-fus’hada gapiradigan odamlar orasida qolib ketadi, u bu tilda deyarli hech narsa tushunmaydi va gapira olmaydi. Kulgili holatlar Misr lahjasida va adabiy arab tilida bir xil yangraydigan yoki o‘xshash bo‘lgan, lekin ma’nosi mutlaqo boshqa-boshqa narsalarni anglatadigan so‘z va iboralar atrofida yuzaga keladi. Kinotaqrizchilar “sizga ikki soat uzluksiz kulgi va’da qilamiz”, deb ta’kidlaydi.

3. Qahva

Kofe

Arab oshxonasi haqida umumiy gap aytish qiyin, chunki turli mintaqalarda turli xil taomlar tayyorlanadi. Lekin qahva hamma joyda ichiladi. Avvaliga qahwa so‘zi sharob yoki qatiqni anglatgan va har ikkala holatda ham “ishtahani o‘ldiruvchi ichimlik” degan ma’noni bildirgan. Turli arab lahjalarida “qahva” so‘zini “kahva”, “ahve”, “ghava” yoki “gahava” tarzida ham aytiladi. Talaffuzdagi bunday tafovutlar shu qadar yaqqolki, undan lingvistlar butun boshli fonetik o‘zgarishlar kompleksini ifodalash uchun foydalanishadi. Masalan, badaviy lahjalari haqida gapirganda “gaxava sindromi” deb eslanadi. Etimologik lug‘atlarga qaraganda, ushbu so‘zning adabiy arab tiliga eng yaqin talqini bo‘lgan “qahva” tarzidagi talaffuzi turk tili orqali Yevropa tillariga, shu jumladan, rus tiliga o‘tgan.

Dalladagi arab qahvasi va xurmo, 2014-yil.

Foto: SamDoumArt.com

Yamandagi qahva plantatsiyalarida odatda qora qahva ichishning imkoni yo‘q: odatda, u eksportga jo‘natiladi va yamanliklarning o‘zi esa ta’mi va rangi ko‘proq ko‘k choyni eslatadigan ichimlikni – qahva kepagi damlamasini ichadi. Saudiya Arabistonida qahvani dalla – uchli jo‘mragi pastga keskin qayrilgan metall ko‘zaga o‘xshash idishda damlanadi. Qora qahva ham va “malla” qahva ham shu idishda tayyorlanadi. Qovurilmagan qahva donlariga turli ziravorlar aralashtirilgan tarzda damlanadigan “malla” qahva nisbatan an’anaviy qahva ichimligi sanaladi.

Dalla idishining hajmi katta bo‘lishi mumkin: arablar mehmon o‘z finjonini to‘ntarib qo‘ymagunicha unga yana va yana qahva quyib beradi. Arab madaniyatida odatda bo‘ladiganidek, bu holatda ham yozilmagan qoidalar amal qiladi: uch finjondan ko‘p ichilmaydi; undan kam ichish – mehmondo‘st mezbonni xafa qiladi, undan ko‘p ichish esa ochko‘zlikni bildiradi. Ushbu an’ana “Birinchi finjon – chanqoqni bosish uchun, ikkinchisi – mehmondorchilik uchun, uchinchisi – kayf uchun, to‘rtinchisi esa qilich uchun”, degan iborada o‘z aksini topgan.

Zamonaviy arab she’riyatida qahva tez-tez tilga olinadi. XX asr Suriya shoiri Nizar Qabboniyning eng mashhur qasidalaridan biri bo‘lmish “Folbin” nomli qasidasi qahva quyqasiga qarab fol ochish haqida so‘z boradi va ushbu she’rni misrlik mashhur qo‘shiqchi, “arab dunyosining Elvis Preslisi” deb ataladigan Abdul Halim Hofiz tomonidan kuyga solib ijro etilgan. Bu qo‘shiqning turli xil talqindagi ijrosi (orkestr ijrosi, takrorlar va improvizatsiyalar bilan) bir yarim soatgacha cho‘zilishi mumkin.

4. Sum’a

Odam haqida boshqalar nima deyayotgani, uning obro‘si

Sum’a so‘zining o‘zagi sami’a (“eshitmoq”) fe’li bilan bir. Ya’ni bu biror odam haqida boshqalardan eshitish mumkin bo‘lgan gaplarni anglatadi va u kishining nufuzini, obro‘sini belgilaydi. Arab maqolida “yaxshi obro‘ chiroyli kiyimdan afzal”, deyiladi. Ayniqsa, bu iboraning mazmuni an’anaviy jamiyatda hali turmushga chiqmagan qiz haqida so‘z borganda kuchliroq ko‘zga tashlanadi: sovchilikka borishdan avval odamlarning u haqidagi nima deyishi so‘rab-surishtiriladi. Boshqa vaziyatlarda ham arablarga o‘zi haqida boshqalar – hamkasblari, qo‘shnilar, qarindoshlar nima deyayotgani juda muhim.

Arab tilanchisi. Luiji Fiorillo olgan surat, 1865–1895-yillar.

Foto: Boston Public Library

Yapon madaniyati tadqiqotchisi Rut Benedikt ayb madaniyati va uyat madaniyati tushunchalarini kiritgan. Ayb madaniyatida kishining o‘z ayblarini Xudo qarshisida va o‘z vijdoni oldida ongli tan olishi asosiga quriladi; uyat madaniyatida esa eng muhim narsa – boshqalarning sen haqingda nima deyishi hisoblanadi, arab madaniyati ham shu turkumga mansubdir. Bunday dunyoqarash arab jamiyatidagi odamlarning xatti-harakatini belgilaydi. Arab o‘zi qilgan xayrli ishlar va erishgan yutuqlari haqida gapirib o‘tirishi mumkin va bu maqtanchoqlikka kirmaydi.

Lekin o‘zining ochligini yoki nimadandir xafaligini boshqalarga oshkor qilishi uyat sanaladi, puli yoki vaqti yo‘qligini ham aytmaydi. Bunday noqulayliklarni munosib yengib o‘tish kerak. Bundan tashqari, boshqalarga marhamatli bo‘lish, saxiy bo‘lish va keksalarni e’zozlash shart. Arablar o‘zlari uchun nuqson deb bilgan narsasini yashirishga juda ham katta e’tibor beradi, masalan, bilmagan narsasini tan olishga uyaladi. Agar obro‘ga putur yetkazilgan bo‘lsa, unda sharmandalikdan qutulish uchun o‘zi yoki oilasi uchun o‘ch olish mumkin.

5. Jinni

Jin, arvoh

Bizga “Ming bir kecha” ertaklar qahramoni sifatida tanish bo‘lgan jin, aslida, musulmon dini va arab xalq madaniyatining bir bo‘lagidir. Islomga ko‘ra, Xudo uch xil mavjudotni – odamlarni, jinlarni va farishtalarni yaratgan deyiladi. Jinlar – odamga ko‘rinmaydigan maxluqlar bo‘lib, ular turli shakllarga kira oladi, ular orasida ham ayol va erkak jinslilari bo‘ladi (ayol jinsli jinlarni “jinniya” deyiladi). Jinlar ham oila quradi va avlod qoldiradi. Qur’onda jinlar haqidagi butun boshli alohida sura mavjud va unga ko‘ra, Payg‘ambar odamlar bilan birga jinlarga ham yuborilgan deyiladi.

Jin. “Kitob al-bulhan” (“Mo‘jizalar kitobi”) nomli qo‘lyozmaning eskizi, XIV asrning ikkinchi yarmi.

Foto: Bodleian Library

Jinlar arablarning irimlarida, rivoyat va filmlarida faol ishtirokka ega bo‘lgan timsol sifatida qolmoqda. Ular xarakteri va turmush tarziga ko‘ra har xil bo‘ladi, ular orasida ham yaxshi jinlar va yovuz jinlar bo‘ladi, shuningdek, iymonli va iymonsizlari ham bo‘ladi. Ayrim jinlar odamlar bilan birga yashashi va ularning aqlini egallab olishi mumkin: jin ta’siriga tushib qolgan odamni “majnun”, ya’ni “aqldan ozgan”, “jinni” deyishadi, bu so‘zning ma’nosi “jin egallab olgan”, degan mazmunga to‘g‘ri keladi. Arab folklorida sevgi tufayli aqldan ozgan qahramon – Majnun obrazi ham keng tarqalgan.

6. Diyyafa (ziyofat)

Mehmondorchilik

Arab mehmondorchiligi an’analarining ildizi arablar ko‘chmanchi hayot tarzi bilan yashagan zamonlarga borib taqaladi. Sahroda ketayotgan yo‘lovchiga badaviylarning chodiridan boshqa boshpana topishning imkoni bo‘lmagan va arablarni faqat shunday o‘zaro mehmonnavozlikkina, qovjiragan o‘t-o‘lan va qumlardan iborat cho‘l-biyobonda o‘lib ketishdan qutqarib qolgan. Mezbonning mehmonga iltifotli bo‘lishi eng oliy qadriyatlar darajasiga ko‘tarilgan va bu haqida Qur’on va hadislarda ham alohida qayd etib o‘tilgan. Mehmon kutish fazilati haqida maqol va she’rlarda madh qilingan.

Badaviylarning chodiri, 1900-yil.

Foto: Library of Congress

Mehmonni uyga qabul qilish, uch kun davomida yedirib-ichirish va shundan keyingina uning qayerga yo‘l olganini so‘rash mumkin bo‘lgan. Mezbonning iqtisodiy ahvoli qandayligidan qat’i nazar, mehmonni saxiylik bilan qabul qilish kerak bo‘lgan. Arab maqolida mehmon kelgan kuni kambag‘alligingni unutib tur, deyiladi. Mashhur imom Hatim al-Asam shunday degan: “Shoshqaloqlik – shaytondandir, faqat besh holatda — mehmonni taomlantirish, mayyitni qabrga qo‘yish, bo‘yi yetgan qizni turmushga uzatish, qarzni qaytarish va gunohlardan tavba qilishda shoshilish bundan mustasno”. Arab xonadoni uchun ushbu so‘zlar hozirda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolgan: turistik yo‘nalishdan adashib qolgan istalgan odamga arablar uyining to‘ridan joy beradi va saxiylik bilan taom keltiradi.

7. Jamal

Tuya

Arab xalqlari tarixida tuyalar juda muhim ahamiyatga ega. Tuyada Arabiston yarimorolining ulkan sahrolari bo‘ylab ko‘chib yurish mumkin, unda yuk va mol tashisa bo‘ladi. Tuya qadimgi arab shoirlarining doimiy hamrohi, she’rlarining qahramoni va turli metaforalar vositasi bo‘lgan. Masalan, VII asrda yashagan shoir al-Asha o‘z sevgilisini shunday ta’riflagan:

U shunday yaxshiki, tishlari marvaridday,

Oppoq yonoqlarini tim qora qalin sochlari to‘sib turibdi,

Xuddi yo‘l yuraverib tuyoqlari yedirilib ketgan tuya singari

Tuproqda oyoqlariga gard yuqtirmay shoshmasdan ketib boryapti.

Abu Zayad hiylagar tuyaga minib ketmoqda. Muhammad al-Xaririning “Maquamat” kitobidan miniatyura, XII asr.

Foto: Bibliothèque nationale de France

Mumtoz arab tili lug‘atida tuyalarning turli zoti va turlarini, tuyaning holatini, tashqi ko‘rinishini, yoshi, qiliqlari hamda odamning tuyaga munosabatini ifodalovchi minglab so‘zlarni uchratish mumkin. Masalan, rāša – quloqlari yungdor urg‘ochi tuyani bildiradi; šursūf – tizzasi singan tuya, habhabiyy – tuyalarni to‘g‘ri yo‘naltira oladigan yaxshi podachi, bazama – urg‘ochi tuyani ikki barmoqda sog‘ish va hokazo.

Tuyaning arab tilida eng ko‘p qo‘llangan va umumiy nomi – jamal bo‘lib, yunon va lotin tiliga (ehtimol, Yaqin Sharqdagi boshqa tillar orqali) o‘zlashgan va bular vositasida hozirgi Yevropa tillariga, masalan, ingliz tiliga camel tarzida kirib kelgan. Badaviylarning rivoyatlariga ko‘ra, Muhammad Payg‘ambar Ollohning 99 ismini ovoz chiqarib aytgan va yuzinchisini esa tuyaning qulog‘iga shipshigan ekan. Shu sababli ham tuya doim kalondimog‘ tarzda turar ekan. Arablar “tuya o‘z o‘rkachini ko‘rmaydi, u faqat sherigining o‘rkachini ko‘radi” deganda, o‘z aybini bilmaydigan, lekin boshqalarning aybini nog‘ora qilib chaladigan odamlarni aytadi.

Hozirda tuyalar arablar hayotida deyarli ishtirok etmayapti, lekin Arabiston yarimorolida hozirgacha tuya poygalari juda ommalashgan. Ot bilan taqqoslaganda tuya juda sekin yuguradi. Chavandoz qanchalik yengil bo‘lsa, tuya shunchalik tez yuguradi va shu sababli, odatda, tuya poygasida chavandoz sifatida bolalar va o‘smirlar qatnashadi. Lekin oxirgi paytlarda ayrim mamlakatlarda voyaga yetmaganlarning musobaqalarda qatnashishi taqiqlanmoqda va buning o‘rniga radioboshqaruvli robotlar qo‘yilyapti.

8. Harom

Taqiqlangan, shunchalik muqaddaski, teginish mumkin emas

Boshqa tillarda bo‘lgani kabi arab tilida ham bir vaqtning o‘zida biror muqaddas narsani ham, la’natlangan narsani ham, diniy tus berilgan narsani ham va taqiqlangan narsani ham ifodalash uchun qo‘llanadigan yagona so‘z mavjud. Bu haruma so‘zidir. Birlik shakldagi ḥarā́m so‘zi odatiy diniy tushunchalardagi “gunoh”, “taqiqlangan narsa”, degan ma’noni beradi. Islom huquqshunosligida taqiqlangan narsalarning uzun ro‘yxati mavjud va ularni buzganlik uchun bu dunyoning o‘zida yoki vafotidan keyin jazo muqarrardir.

“Bayad va Riyoz tarixi” hikoyasidan kichik rasm, XII asr oxiri.

Foto: Biblioteca Apostolica Vaticana

Cho‘chqa go‘shtini yeyish va aroq ichish taqiqlangan, qimor o‘yinlari o‘ynash, o‘limtik yeyish, yetimlarning haqqiga xiyonat qilish mumkin emas. Bundan tashqari, sudxo‘rlik ham taqiqlangan. Shu sababli ham islom banklari mutlaqo boshqa tamoyillar asosida ishlaydi. Bundan tashqari, urg‘u birinchi bo‘g‘inga tushadigan ḥáram so‘zi ham mavjud. Bu “muqaddas joy” ma’nosini anglatadi. Saudiya Arabistoni qirolining rasmiy unvoni ṣāḥibu l-ḥaramayni deyiladi va u “ikki muqaddas masjid xizmatchisi”, deya tushuniladi. Bu o‘rinda ḥáram so‘zi ikkilik sanoq ma’nosida qo‘llanadi va u Makka va Madinaga taalluqli bo‘ladi. Uchinchi muqaddas joy – Quddus hisoblanadi.

O‘zagi aynan shu bilan bir xil bo‘lgan yana bir ḥarī́m esa uyning ayollar yashaydigan qismini – haramni anglatadi. Bu tushuncha allaqachon tarixiy terminlar qatoriga kirgan, chunki zamonaviy dunyoda sultonlarning xotinlari, kanizaklari va bichilgan qullari (haram og‘asi) yashaydigan haramlarini uchratmaysiz. Uyning ayol yashaydigan an’anaviy qismi endilikda oilaning umumiy hududiga aylangan: mehmonlar faqat mehmonxonadan kuzatib qo‘yiladi va ular hovli bo‘ylab yurmaydi.

Aksar uylarda oila a’zolari uchun alohida va mehmonlar uchun alohida kirish-chiqish eshiklari belgilangan, kvartiralarda esa mehmonxona sifatida eshikka eng yaqin xona ajratiladi. Bunday tizim ayollarga uyda boshyalang yurish imkonini beradi. Lekin to‘rttagacha uylanish mumkin degan an’ana hozirgacha saqlanib qolgan va bu, ayniqsa, har bir xotiniga alohida uy qilib berish imkoniga ega badavlat arablar orasida uchrab turadi. Biroq erining boshqa bir ayolga uylanishi ayol kishi uchun tragediyaga aylanishi mumkin va arab filmlarida  ushbu mavzuga juda ko‘p sujetlar bag‘ishlangan.

9. Majlis

Salon, klub, yig‘in

Majlis – mehmonlar uchun ajratilgan katta xona bo‘lib, uni shuningdek, dīwāníyya (devoniya) yoki maḍā́fa deb nomlashlari ham mumkin. Bu xona perimetrlari bo‘ylab divanlar joylashtirilgan bo‘ladi, polda esa gilam solingan. Majlis, odatda, do‘stlar yig‘iladigan oddiy mehmonxona bo‘lishi ham mumkin yoki intellektual salon yoxud hashamatli klub ham bo‘lishi mumkin: bularning hammasi egasining qanchalik badavlat ekaniga bog‘liq.

Muhammad al-Xaririyning asaridan olingan eskiz, 1222-1223-yillar.

Foto: Bibliothèque nationale de France

Bunday joylarda issiq ovqat tortilmaydi, lekin choy yoki qahva ichish mumkin, xurmo yeyish yoki pista-bodom chaqsa bo‘ladi va xushbo‘yliklar tutatiladi. Katta majlislarda qasidalar o‘qiladi, konsert va bayramlar uyushtiriladi. Biznesmenlar va siyosatchilar rasmiy muzokaralarni ofisda o‘tkazishsa ham, lekin haqiqiy eng muhim masalalarni majlisda hal qilishadi. Suhbat va yig‘inlar o‘tkaziladigan joy sifatida 2016-yilda majlis ham arabcha usulda qahva damlash bilan bir qatorda YuNESKOning nomoddiy madaniy meros obyektlari qatoriga kiritilgan.

10. Qasida

An’anaviy arab she’riyati

Arab adabiyotida islomdan avvalgi zamonlarda shakllangan alohida, o‘ziga xos she’riyat yo‘nalishi mavjud. Hozirda qasida deb nisbatan zamonaviy she’riy yo‘nalishlari, masalan, oq she’r ham aytiladi. She’riyat tili sifatida, asosan, shevalar namoyon bo‘lmoqda.

Muhiddin al-Amasi tomonidan qayta yozilgan “Qasida al-Burda”, XV-XVI asrlar.

Foto: Sotheby’s

Ba’zan majlislarda va teleko‘rsatuvlarda she’rxonlikning ajoyib an’analarini kuzatish mumkin: shoir yoki suxandon bir yoki bir necha misrani yorqin emotsiyalar va ifodalar bilan o‘qiydi va atrofdagilar uning mahoratini olqishlash yoki aytilgan narsani ma’qullash ma’nosida satrdagi oxirgi so‘zni ovoz chiqarib takrorlab o‘tiradi va bu orqali go‘yoki uning mag‘zini chaqadi. Misralarni juda ham muvaffaqiyatli o‘qilsa, o‘qigan odamni olqishlaydi va shundan keyingina shoir yoki suxandon she’rning davomini o‘qiydi. Yana boshqa an’ana ham bor: qiroat bilan o‘qish. Odatda, Qur’on qiroat bilan o‘qiladi. Qasidalarni original ritm va qofiyasini saqlagan holda tarjima qilish juda qiyin.

11. Zag‘ruda

Quvnoq qichqiriqlar, to‘y yallalari

Bunday qichqirishlarni arab dunyosining barcha mamlakatlaridagi to‘ylarda, unashtirish marosimlarida, diniy bayramlarda, o‘yin-kulgi bo‘layotganda va musiqa sadolari yangraganda, chaqaloq tug‘ilganda va boshqa xursandchilik chog‘larida eshitish mumkin. Bu an’ananing ildizi islomdan ham avvalgi ma’jusiylik hukm surgan zamonlardagi udumlarga borib taqaladi, deb hisoblanadi. Odatda, og‘zini qo‘li bilan to‘sib turgan holda ayollar qichqiradi. Qichqiriqning originalligi tilni o‘ngdan chapga tez qimirlatish va oxirida atayin xitob qilish orqali ta’minlanadi.

Arab ayollari to‘yga tayyorlanmoqda. Bog‘dod, 1918-yil.

Foto: Hulton Archive

Suriya-Livan hududlarida maxsus to‘y qo‘shiqlari “zagruda” deyiladi va ularni ijro qilish uchun professional ijrochilar taklif qilinishi mumkin. Bunday qo‘shiqlarda kuyov va kelin madh qilinadi, ularning oilalarining nufuzi maqtaladi, yoshlar nikoh bilan tabriklanadi. Orada to‘xtalib-to‘xtalib, chug‘urlagan “zagruda” tovushlari bilan almashinib turiladi. Ba’zan “zagruda” qayg‘uli marosimlarga ham taklif qilinadi: shahid bo‘lgan qahramonning jasadi olib kelinayotganda ham shunday peshvoz chiqishlari mumkin.