Narpay tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Mirzohid Yo‘ldoshev raisligida 12-may kuni o‘tkazilgan tumandagi maktablarning qurilish-ta’mirlash ishlariga mas’ul va buxgalteriya xodimlari ishtirokidagi yig‘ilishda maktab direktorlari tomonidan “Saxovat va ko‘mak” xayriya harakatining hisob raqamiga “imkoniyatdan kelib chiqib” pul o‘tkazish zarurligi ta’kidlangan. Bu haqda yig‘ilishning “Daryo”ga taqdim etilgan audiosidan ma’lum bo‘ldi.

12-maydagi yig‘ilishda asosan Narpaydagi maktablar, ularning oshxona va hojatxonalarini ta’mirlash ishlari muhokama qilingan. Tuman XTB mudiri Mirzohid Yo‘ldoshev yig‘ilganlardan ushbu qurilish-ta’mirlash ishlari doirasida berilayotgan topshiriqlarni bajarishni talab qilgan. “Topshiriq berildimi, jim bo‘lib (o‘zgartirilgan; aslida “jim bo‘lib” o‘rniga qo‘polroq gap ishlatilgan — “Daryo”), qil shu yerda, senga bir yuk ko‘tartirib qo‘yganimiz yo‘q”, — deydi Mirzohid Yo‘ldoshev va: “Keyingi topshiriq...”, — deya ikkinchi masalaga o‘tadi.

“Hozir ‘Saxovat va ko‘mak’ hisob raqami ochilgan, Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlariga ko‘mak berish uchun... Hozir o‘zimizning tumanga 29-kollejdan 12 xil mahsulot tarqatilyapti. Hozirgacha tuman byudjetiga 424 million so‘m pul tushibdi. Taxminan 100 milliard atrofida qoldiq qolgan, qolganini chiqaryapti. Biz ham tashkil qilib to‘ladik, lekin buni kam deyapti. Ertalabga yig‘ilishda ham aytdi kam deb, kechqurungi yig‘ilishda ham aytdi. Shuning uchun har bitta maktabga, sizlar bilan maslahatlashgan holda aytyapman, direktorlarga 100 ming—100 ming so‘mdan yig‘ib beringlar deb aytsa, qila oladimi, qila olmaydimi? Fikrlaring qanday?”, — deb tuman XTB mudiri yig‘ilish qatnashchilariga murojaat qilgan.

Yig‘ilish qatnashchilari orasida tasdiq javobini berganlar ham bo‘lgan.

“O‘zlaring olib kelasanlar-da, o‘zlaring to‘laysanlar, lekin kvitansiyasini maktab direktoriga beringlar, norozi bo‘lmasin. Kecha men hokimga aytdim, hozir qarzga remont qildiryapman, to‘g‘ri tushuning, qiynalib qilyapti, o‘qituvchini, ota-onani, direktorni qiynab qo‘yaman, dedim, lekin hokim imkoniyatdan kelib chiqib qilish kerak, deyapti. Bu bilan hokimni ayblamoqchi emasman, lekin hamma to‘lab beryapti. Qolgan tumanlarnikini ham ko‘rdim. Shunga bitta direktordan 100 ming so‘m—100 ming so‘m tashkil qilib beringlar, maylimi? Tushunarlimi hammaga? Beringlar, 100 ming so‘m—100 ming so‘m bilan yiqilib qolmaydi. Ertaga men ham 20 bilan 21-maktabdan yig‘dirib kelaman”, — deya qo‘shimcha qilgan Mirzohid Yo‘ldoshev.