Italiya Sog‘liqni saqlash oliy instituti prezidenti Silvio Bruzaferroning ma’lum qilishicha, kuz kelishi bilan nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi koronavirusning ikkinchi to‘lqini ehtimolini oshiradi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

“Oktabrdan yuqori nafas yo‘llarining kasalliklari tarqalishi oshadigan mavsum boshlanadi. Biz taxmin qilayotgan ssenariyga ko‘ra, havo va aloqa orqali yuqadigan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi mumkin bo‘lgan kasallikka aylanadi va xatolik sababli boshqa kasallik sifatida qabul qilinishi mumkin”, — deya ma’lum qilgan Silvio Bruzaferro.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, infeksiyaning yuqish tezligi kuzgi mavsum yaqinlashishi bilan oshadi.

“Ikkinchi to‘lqin haqidagi mashhur gipoteza ana shu bilan bog‘liq. Ilmiy-texnik nuqtayi nazardan ham bu obyektiv ma’lumot hisoblanadi”, — deya ta’kidlagan Bruzaferro.

Italiya hukumati huzuridagi COVID-19 epidemiyasga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy-texnik qo‘mita a’zosi bo‘lgan professorning qayd etishicha, keyingi haftada Italiya hududlari o‘rtasidagi cheragalarning ochilishi mamlakat uchun yangi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yangi kasallik o‘choqlarining paydo bo‘lishiga o‘z vaqtida beriladigan javobni talab qiladi. Avvalroq hukumat bunday hududlarga nisbatan “qizil hudud” rejimini joriy qilishga tayyor ekanligini bildirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada 231 mingdan ortiq kishida koronavirus aniqlangan, 150 mingdan ortiq bemor tuzalgan, qurbonlarning umumiy soni 33 142 kishini tashkil qilmoqda.

Avvalroq JSST vakili COVID-19 bilan kasallanish ikkinchi marta o‘z cho‘qqisiga chiqishi mumkinligini bildirdi. Buyuk Britaniya ekspertlari esa karantin cheklovlarini tezda bekor qilish koronavirusning ikkinchi to‘lqinini yuzaga keltirishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Xitoyda koronavirusning yangi to‘lqini qachon sodir bo‘lishi prognoz qilingan.