Oxirgi bir sutka davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bo‘yicha holatlar soni 100 mingtadan oshdi va kasallanganlarning umumiy soni qariyb 5,6 millionga yetdi. Bu haqda jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabar qilgan.

Foto: Reuters

Tashkilot bergan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, bir sutka ichida koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 104 505 ta yangi holat aniqlangan, 4221 kishi kasallik asoratlari tufayli vafot etgan. Shu tariqa COVID-19 yuqtirib olganlarning umumiy soni butun dunyoda 5 million 593 631 nafarga yetgan, pandemiya boshlanganidan beri kuzatilgan o‘lim holatlarining soni esa 353 033 tani tashkil qilgan.

Eng ko‘p kasallanish holatlari Shimoliy va Janubiy Amerikada kuzatilgan – ikki materikda jami 2 556  479 kishida koronavirus aniqlangan, keyingi o‘rinda Yevropa bormoqda – 2 079  924 nafar kishi COVID-19’ga chalingan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni koronavirusning butun dunyoda tarqalishi pandemiya darajasiga chiqqanini e’lon qilgandi.