Kuvaytning milliy aviakompaniyasi Kuwait Airways koronavirus tarqalishi oqibatidagi moliyaviy muammolar sabab 1,5 ming nafar xorijlik xodimlarini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda kompaniya axborot xizmati Twitter’da xabar qilgan.

Foto: Twitter

“Kuwait Airways aviakompaniyasi koronavirus pandemiyasi va uning tijorat sohasiga salbiy ta’siri tufayli inqiroz oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kompleks rejaga muvofiq taxminan 1,5 ming nafar xorijlik xodimlarning xizmatlaridan voz kechishga qaror qildi va ularga o‘z minnatdorligini izhor etadi”, – deyilgan kompaniyaning Twitter’dagi sahifasida.

Kuvayt Fors ko‘rfazi mamlakatlari orasida Eron va Iroqda koronavirus tarqala boshlanganidan keyin birinchilardan bo‘lib xalqaro aeroportga kelish-ketishni mart oyidayoq yopgan va barcha reyslarni bekor qilgan. Natijada mamlakatda koronavirus epidemiyasining keng yoyilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Kuvayt sog‘liqni saqlash vazirligining 28-may kuni bergan ma’lumoti bo‘yicha amirliklarda pandemiya boshlanganidan beri 24 ming nafardan ko‘proq odam koronavirusga chalingan, oxirgi bir sutka ichida esa 845 ta yangi holat qayd etilgan. Mamlakatda epidemiya boshlanganidan beri 185 kishi COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan, oxirgi bir sutka davomida 8,6 ming bemor kasallikdan tuzalgan.