Samarqandning Narpay tumanida o‘qituvchi-xodimlar Ramazon vaqtida paytida maktab hojatxonalarini tozalashga jalb qilingani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng Narpay tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Mirzohid Yo‘ldoshev raisligida 12-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish audiosi mushtariylar tomonidan “Daryo”ga taqdim etildi.

Yig‘ilishda tumandagi maktablarning qurilish-ta’mirlashi ishlariga mas’ul metodistlar va buxgalteriya xodimlari qatnashgan, unda maktablarda hojatxonalar va oshxonalarni ta’mirlash va qurish ishlari qay daraja ketayotgani muhokama qilingan. Audioyozuvda tuman XTB rahbari Mirzohid Yo‘ldoshev qo‘l ostidagi xodimlarga bir necha bor qo‘pol so‘zlar murojaat qilganini eshitish mumkin.

XTB rahbari maktab oshxonalari va hojatxonalaridagi qurilish va ta’mirlash ishlarini xodimlar kerak bo‘lsa o‘z hisobida yakuniga yetkazishi kerakligini aytgan. So‘rov davomida 37-maktab nazoratchisiga kerak bo‘lsa direktor qurilish ishlarini o‘z cho‘ntagidan amalga oshiradi deb ta’kidlagan. Bergan topshirig‘ini bajarmagan xodimlardan biriga uning “ko‘zini o‘yish” bilan tahdid qilgan; vazifalarni bajarmaganlarni prokuraturaga topshirish bilan qo‘rqitgan.

U 22-maktabdagi holatga to‘xtalib, xodimlarga “ertaning o‘zida biri bolta, biri bolg‘a olib” hojatxonani buzishni, buzishdan chiqqan qurilish materiallarini boshqa maktablarga topshirishni buyurgan. “Ertaga hammang borib buzasan. Ertalab 6:00 dan shu yerda bo‘lasan”, — degan Mirzohid Yo‘ldoshev.

Narpay tumanidagi 1-maktabda olib borilgan ta’mirlash ishlaridan lavha.

Foto: “Daryo”

Yig‘ilishda 28- va 42-maktablarda o‘qituvchilarnin o‘zi blok terayotgani namuna qilib ko‘rsatilgan. Maktablarda qilinayotgan ishlarni tuman hokimi kelib ko‘rishini ta’kidlagan Mirzohid Yo‘ldoshev ro‘zadorlar ro‘zasini ochib kelib ishini davom ettirishi mumkinligini bildirgan. “Ro‘za tutgan hokimlik vakillari ham kelib ishlayapti. Ular ro‘zasini ochib yana ishini davom ettirayapti”, — degan XTB mudiri.

“Daryo” muxbiriga ma’lum qilishlaricha, 2020-yil yanvar oyida Narpaydagi bir necha maktab direktorlari XTB mudirining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan tuman hokimi Botir Jabborovga murojaat qilgan. Shundan so‘ng hokim mudirning ishdan bo‘shashini talab qilgan, ammo mudir boshqa ishga o‘tguncha o‘z vazifasida vaqtincha qolishni so‘ragan.

Narpay tumanidagi 10-maktabda olib borilgan ta’mirlash ishlaridan lavha.

Foto: “Daryo”

“Maktab hojatxonalarini ta’mirlanglar deb viloyat bo‘yicha hech kim topshiriq bermagan. Narpay hokimi ham hojatxonalarni ta’mirlashni talab qilmagan. Aksincha, hokim XTB mudiridan ishdan ketishni talab qilgach, u hokimga yaxshi ko‘rinish uchun hokimning nomidan maktab direktorlariga hojatxonalarni ta’mirlash bo‘yicha o‘zi topshiriq bergan”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xodimlardan biri.

Quyida Narpay tumanidagi 1, 10, 12, 16, 22, 25, 28-maktablardagi hojatxonalarda maktab o‘qituvchi-xodimlari tomonidan olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari jarayoni bilan tanishish mumkin.

Narpay tumanidagi 12-maktabda olib borilgan ta’mirlash ishlaridan lavha.

Foto: “Daryo”

Narpay tumanidagi 16-maktabda olib borilgan ta’mirlash ishlaridan lavha.

Foto: “Daryo”

Narpay tumanidagi 22-maktabda olib borilgan ta’mirlash ishlaridan lavha.

Foto: “Daryo”

Narpay tumanidagi 25-maktabda olib borilgan ta’mirlash ishlaridan lavha.

Foto: “Daryo”

Narpay tumanidagi 28-maktabda olib borilgan ta’mirlash ishlaridan lavha.

Foto: “Daryo”