O‘zbekistonda 2020-yil 1-sentabrdan boshlab ko‘chma sirklar — shapito, dorbozlar guruhlari hamda hayvonot bog‘lari paydo bo‘ladi. Bu haqda Prezidentning “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Foto: O‘zA

2020-yil 1-sentabrdan boshlab ko‘chma sirklar tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi.

Biroq tadbir tashkilotchilari uni o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qilishi lozim.

Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlarida jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligini to‘lov undirilmagan holda ta’minlaydi.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan tomosha tadbirlari o‘tkazish uchun ijara va boshqa turdagi to‘lovlar undirilmaydi.

Nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari ro‘yxatiga kiradi (madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno) va ularning ushbu faoliyatdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, hujjat bilan “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasining bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha ravishda hayvonlarni saqlash xonalarini qurish hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlarini to‘liq moliyalashtirish vazifasi topshirilgan.

Qo‘shimcha ravishda hayvonlarni saqlash xonalarini qurish hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Qurilish, rekonstruksiya va jihozlash ishlarini 2020-yil oxiriga qadar to‘liq yakuniga yetkazib, foydalanishga topshirilish rejalashtirilgan.

Har bir viloyatda ochiladigan hayvonot bog‘lari haqida farmonda uncha ko‘p ma’lumot berilmagan. “Gazeta.uz” ushbu masalada Madaniyat vazirligi bilan bog‘langanda ular barcha viloyatlarda kichikroq hayvonot bog‘lari ochilishi rejalashtirilayotgani, ko‘chma sirklarga ham hayvonlar jalb etilishini bildirgan.

Viloyatlarda hayvonot bog‘lari ochilishi zaruratini vazirlik hozirda bunday bog‘lar faqat Toshkent va Samarqandda borligi bilan izohlagan. Qolaversa, sirkda xizmatini o‘tab bo‘lgan hayvonlar aynan shu yerga yuborilishi ta’kidlangan. Chunki ularning sirkda umrbod qolishi ko‘zga tutilmagan.

Hujjat matni bilan tanishib chiqqan “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati yangi hayvonot bog‘lari yaratish va sirk tomoshalari uchun hayvonlar chiqishidan foydalanish rejalariga qarshi chiqdi.

Ular sirk san’atini unda faqat odamlar — dorbozlar, akrobatlar, havo gimnastikachilari, fokus ko‘rsatuvchilar, masxarabozlar o‘z mahoratlarini namoyish etsa, qo‘llab-quvvatlanishini bildirgan. “Lekin gap hayvonlardan foydalanish haqida ketsa, biz bunga qat’iy qarshimiz”, — deb aygan jamiyat a’zolari.

“Ularni saqlash uchun sharoit qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu hayvonlar uchun tabiiy yashash joyi emas. Tor qafaslar, qo‘rquv, og‘riq, o‘z tabiiy instinktlarini namoyon etish imkoniyatining yo‘qligi, yana hayvonlar sog‘lig‘iga psixologik zarar yetkazadigan odamlar to‘dasi”, — deya ta’riflagan ular sirk hayvonlarining saqlanish sharoitini.

“Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati hukumatni hayvonlar ishtirokidagi tomoshalarga muqobil variantni topishga chaqirdi.

Dunyoning 45 dan ortiq davlatlarida sirkda hayvonlar chiqishlari bekor qilingan. Ular orasida Avstriya, Bosniya va Gersegovina, Vengriya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Daniya, Kipr, Italiya, Malta, Niderlandiya, Sloveniya, Ruminiya, Xorvatiya, Chexiya, Shvetsiya, Finlyandiya va Estoniya kabi davlatlar bor.