Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 5 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor 29-may, juma kuni sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Sog‘ayganlarning barchasi erkak bo‘lib, yoshi kattasi 43, yoshi kichigi esa 35 yoshda. Hududlar kesimida olinsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida 2 nafardan, Samarqand viloyatida 1 nafar bemor sog‘aygan.

Qoraqalpog‘istonda shu paytga qadar 133 ta holatda kasallik qayd etilgan bo‘lsa, ularning 122 nafari sog‘aygan edi. Endilikda koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘lganlar soni 127 nafarga yetdi. Ayni paytda yana 6 nafar bermor kasalxonada davolanmoqda.

Shunday qilib, 29-may kuni 34 nafar bemor tuzalib, O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2728 nafarga yetdi.

Kasallanganlarning umumiy soni esa 29-may soat 16:45 holatiga ko‘ra, 3468 nafarni tashkil qilmoqda. Ularning 14 nafari infeksiya asoratlari oqibatida vafot etgan. Bemorlarning 731 nafari davolanishda davom etmoqda.