Rossiyada 29-may holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha yana 8572 ta holat qayd etildi. Bu haqda mamlakatning Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtabi xabar berdi.

Foto: Sputnik

Butun mamlakat bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 387 623 kishiga yetdi. Yangi kasallanish holatlarining asosiy qismi Moskva (2332 kishi), Moskva viloyati (773 kishi), Sankt-Peterburg (369 kishi), Nijegorod (281 kishi) va Sverdlov (230 kishi) viloyatlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, o‘tgan bir sutka ichida 232 bemor COVID-19 qurboniga aylangan. Rossiyada pandemiya boshlanganidan buyon koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 4374 kishiga yetdi, hozirga qadar 159 257 bemor sog‘ayishga muvaffaq bo‘lgan (o‘tgan bir sutkada 8264 kishi).

Mamlakatda koronavirusni aniqlash bo‘yicha 10 milliondan ortiq laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazilgan.

Avvalroq Sankt-Peterburgda 1-iyundan ko‘chalarda tibbiy niqob taqib yurish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.