O‘zbekistonda 2020-yil 29-may soat 23:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 20 kishiga ko‘payib, 3488 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Yangi kasallanish holatlarining 4 tasi Samarqand viloyatida aholi orasidan aniqlangan. Shuningdek, 2020-yilning 25-mayida Rossiya, 26-mayda esa Qozog‘istondan Qo‘ng‘irot tumanidagi chegara posti orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelgan 2 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgan.

“Koronavirus infeksiyasi qayd etilishi bilan bog‘liq bo‘lgan bugungi yana 14 holat 2020-yilning 25-mayida Yekaterinburg—Toshkent yo‘nalishidagi charter reys bilan yurtimizdagi karantin markaziga olib kelingan fuqarolar orasida aniqlandi”, — deyiladi SSV axborotida.

Ayni paytda O‘zbekistonda 2728 (+34) nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aydi.

Avval xabar berilganidek, tuzalganlarning 5 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 7 nafari Samarqand viloyati hamda 22 nafari Toshkent shahridan.

Hozirda mamlakatda 746 nafar bemor davolanmoqda.

Avvalroq 29-may soat 16:45 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 5 kishiga ko‘payib, 3468 nafarni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekistonda koronavirus qayd etilgan ilk kundan buyon 14 kishi infeksiya asoratlari oqibatida vafot etgan.