Rossiyaning Sankt-Peterburg viloyatida 1-iyundan boshlab odamlarning ko‘chada tibbiy niqob va qo‘lqop taqib yurishi majburiy bo‘lmaydi. Bu shahardagi karantin cheklovlarini yumshatishning birinchi bosqichining boshlanishi ekani aytilmoqda.

Foto: Global Look Press

Niqob va qo‘lqoplarni jamoat transporti, do‘konlar va jamoat joylarida taqib yurish majburiyligi o‘z kuchida qoladi.

Shuningdek, shaharda 1-iyundan boshlab notarial va yuridik idoralar, qabristonlar ochiladi. 65 yosh va undan katta kishilar uchun majburiy tarzdagi “o‘zini yakkalash” tartibi bekor qilinadi.

Sankt-Peterburgda aholiga tibbiy niqob taqib yurishning majburiy tartibi 12-maydan joriy qilingandi.

Shahar Rossiyadagi barcha hududlar bo‘yicha kasallanish holatlari soniga ko‘ra mamlakatda 3-o‘rinni egallab turibdi. Sankt-Peterburgda epidemiya boshlanganidan beri 14 ming 846 ta kasallanish holati qayd etilgan, 4783 nafar odam kasallikdan tuzalgan, 167 nafar bemor infeksiya asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.