O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axboroti e’lon qilindi.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra, quyidagilar 2020-yilning 1-sentabriga qadar uzaytirildi:

  • xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga berilgan viza muddatlari;
  • muayyan muddatga vizasiz va elektron viza bilan kirish huquqiga ega xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonda bo‘lish muddati;
  • O‘zbekiston hududiga olib kirilib, 2020-yil hisobidan qaytarib olib chiqish muddati tugaydigan xorijiy avtotransport vositalarini respublikamiz hududidan qaytarib olib chiqish muddati.
  • Shaxsiy avtotransport vositalarining viloyatlararo harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno) talabi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish belgilandi.
  • Dehqon bozorlari va aholi gavjum bo‘ladigan hududlarda karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladigan ko‘ngilli guruhlar tuzish topshirildi.
  • Shuningdek, mamlakatda karantin va undan keyingi davrda fuqarolarning respublika bo‘ylab sayohat qilishlari yuzasidan vaqtinchalik tartib hamda karantin davrida sanatoriylar va bolalar yozgi oromgohlarining faoliyatini tashkil etish bo‘yicha vaqtinchalik talablar tasdiqlandi.

Avvalroq O‘zbekistonda karantin 15-iyungacha uzaytirilgani, “yashil” hududlarga to‘y-ma’raka o‘tkazishga ruxsat berilgani xabar berilgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda 5-iyundan futbol bellashuvlarini davom ettirishga ruxsat berildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududlari epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib 8-maydan e’tiboran, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib chiqilgan edi. 15-maydan barcha toifalardagi hududlarda ayrim karantin cheklovlari yumshatilgan. 26-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar sonining ortishini joylarda nazorat susaygani bilan bog‘langandi. Prezident hali karantin tugamaganiga alohida urg‘u bergandi.