SpaceX rahbari Ilon Mask va NASA direktori Jim Braydenstayn ichida astronavtlar bo‘lgan Crew Dragon kemasining Xalqaro kosmik stansiya tomon muvaffaqiyatli uchirilgani bo‘yicha birgalikda matbuot anjumani o‘tkazdi, deb xabar beradi Meduza.

Kadr: Twitter

Anjuman davomida jurnalistlar Amerika kemasining uchirilishiga so‘nggi o‘n yildan buyon astronavtlarni o‘zining “Soyuz” kemalarida XKSga yekazish bo‘yicha monopolga aylangan rossiyalik hamkasblari qanday qaragani bilan qiziqdi.

Braydenstayn hali “Roskosmos” rahbari Dmitriy Rogozin bilan gaplashmaganini, biroq ruslarning tabriklarini ko‘rganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, bu kosmik soha bo‘yicha AQSh va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik davom etishiga bo‘lgan ishonchni bildiradi.

Shundan so‘ng Ilon Mask hazillashib “Batut ishlayapti” (“The trampoline is working”) deya qo‘shimcha qilgan va bu “ichki hazil” ekanligiga aniqlik kiritgan. NASA rahbari ham “bilaman” deya kulib javob qaytargan.

Maskning bu kabi javobi Rogozinning 2014-yildagi chiqishiga tegishli. O‘shanda Rogozin AQShga “o‘z astronavtlarini XKSga batut yordamida yetkazish”ni taklif qilgandi.

“Roskosmos” rahbari hozircha SpaceX missiyasi haqida hech qanday izoh bermagan. Korporatsiya nomidan uchuvchi-kosmonavt va “Roskosmos” ijrochi direktori Sergey Krikalev chiqish qilgan.