O‘zbekiston—Qirg‘iziston chegarasida joylashgan Chashma bulog‘i oldida 31-may, yakshanba kuni ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan, deya xabar bermoqda DXX Chegara qo‘shinlari.

Qayd etishlaricha, yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish uchun ikki O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahalliy ma’muriyatlarining mas’ul rahbarlari voqea joyida uchrashgan.

“Hozirda vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Mojaroning sabab va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi DXX Chegara qo‘shinlari axborotida.

Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakili (viloyat gubernatori) matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani Chechme qishlog‘i va O‘zbekistonning So‘x tumani Chashma qishlog‘i aholisi o‘rtasidagi ziddiyat 31-may kuni soat 12:30 atrofida kelib chiqqan.

“Hammasi ikki qishloq aholisi (chechmeliklar ham, chashmaliklar ham) birgalikda Chechme qishlog‘idagi buloqni tozalayotgan vaqtda yuz bergan. Buloq davlatlardan biriga tegishli ekani haqidagi da’volardan tortishuv yuz bergan, so‘ng bu nizoga aylanib ketgan”, — deyiladi axborotda.

Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Akram Madumarovning so‘zlariga ko‘ra, “vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘yilmaydi”. Uning ta’kidlashicha, mojaro bahsli chegara hududida, O‘zbekiston tomoni ham, Qirg‘iziston tomoni ham birdek foydalanadigan buloq ustida yuz bergan (ta’kidlanishicha, bu buloq ustida avval ham ziddiyatlar bo‘lgan).