Bortida ikki astronavt — Duglas Xyorli va Robert Benken bo‘lgan Crew Dragon kemasi 30-may kuni (Toshkent vaqti bilan 31-mayga o‘tar kechasi) Floridadagi Kennedi kosmik markazidagi maydonchadan muvaffaqiyatli start oldi. Parvoz ikkinchi urinishda amalga oshirildi — 27-may kuni startga 16 daqiqa qolganida parvoz noqulay ob-havo sharoiti tufayli qoldirilgan edi. Startdan 12 daqiqa o‘tib Crew Dragon past orbitaga chiqdi, deb yozadi Meduza. SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan kemani Falcon 9 eltuvchi raketasi fazoga olib chiqdi. Uning birinchi bosqichi Atlantika okeanidagi platformaga qo‘ndirildi.

Foto: Associated Press

Crew Dragon orbitada taxminan 19 soat bo‘ladi. Bu vaqt ichida u Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga yaqinlashish uchun o‘z yo‘nalishini to‘g‘rilab oladi (dastlabki vaqtda kemaning orbitasi stansiya orbitasiga nisbatan pastroq bo‘ladi). Startdan to kapsulaning stansiya bilan birikuviga qadar bir sutkaga yaqin vaqt o‘tadi. XKS bilan birikuv avtomatik tartibda o‘tishi ko‘zda tutilgan. Parvoz vaqtida Dragon ekipaji astronavtlar qachondir uchuvchisiz rejimdan voz kechishiga to‘g‘ri kelib qolsa (masalan, ko‘zda tutilmagan favqulodda holatlar yuz berganida), qanday harakat qilishi kerakligini tekshirib olish maqsadida qo‘l boshqaruvini ham ishlatib ko‘radi.

Astronavtlar XKSda qancha vaqt bo‘lishini NASA keyinroq belgilaydi. Dragon orbitada to‘rt oydan ortiq qololmaydi — uning quyosh panellari fazoda uzoq qolish oqibatida ishdan chiqishi mumkin. Qaytish vaqtida ham kema XKSdan avtomatik ravishda uzialdi. Crew Dragon Florida sohillari yaqinida suvga qo‘nadi, astronavtlarni bu yerda SpaceX kompaniyasi kemasi kutib olib, Kennedi nomidagi kosmik markazga olib ketadi.

SpaceX uchun bu fazogir ishtirokida kosmosga amalga oshirilgan ilk parvozdir. Tarixda ilk bor bunday jarayon xususiy kompaniya tomonidan amalga oshirildi. NASA agentligi va SpaceX kompaniyasi Dragon kosmik yuk kemasining boshqariladigan versiyasini yaratish uchun 2014-yili qiymati 2,6 milliard dollarlik shartnoma imzolagan edi. SpaceX boshqariladigan parvozlarni 2017-yildan boshlashi kutilgan edi, biroq Falcon eltuvchi raketasining bir necha avariyalaridan so‘ng kompaniyaning barcha ruxsatnomalarni olishi bir necha bor ortga surdirilgan edi.

Dragon’ning keyingi boshqariladigan parvozi 2020-yil kuziga rejalashtirilgan. Bu safar ekipaj to‘rt kishidan iborat bo‘ladi. XKSga NASA astronavtlari Shennon Uoker, Maykl Xopkins va Viktor Glover, shuningdek, yaponiyalik astronavt Soiti Noguchi yo‘l oladi.

AQSh uchun bu 2011-yili Space Shuttle dasturi tugatilganidan so‘ng mamlakatning o‘z kemasida amalga oshirilgan ilk boshqariladigan kosmik parvozdir. Crew Dragon kapsulasi odamlarni XKSga Rossiyaning “Soyuz” kemalarida yuborishdan voz kechish uchun ham NASA’ga kerak — 2011-yili shatllar dasturi yopilganidan beri hozirgacha XKSga odamlarni olib chiqishning boshqa yo‘l yo‘q edi. NASA bosh nazoratchisining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2019-yili “Soyuz”da har parvozda astronavt uchun bitta joy narxi 86 million dollarga teng bo‘lgan, Dragon’dagi bitta parvoz esa ekipajning har bir a’zosi uchun 55 million dollarga tushadi.

NASA rahbari Jim Braydenstayn parvozdan so‘ng kosmik dasturni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun AQSh prezidenti Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi.

NASA tijoriy hamkorlik doirasida SpaceX’ni Oy dasturiga ham jalb etish niyatida. SpaceX buning uchun Starship kemasi ustida ish olib bormoqda — hozirgi taxminlarga ko‘ra, bu kema 2024-yilda odamlarni Oyga yetkazishi mumkin bo‘ladi.