Ko‘pchilik qo‘shni Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromi haqida eshitgan. Koinotga parvoz qilgan birinchi fazogir Yuriy Gagarin ham, orbitada bo‘lib qaytgan kuchuklar Belka va Strelka ham, eng birinchi sun’iy yo‘ldosh Sputnik-1 ham aynan Boyqo‘ng‘irdan parvozga chiqqan. Sayyoramizdagi eng birinchi va eng faol kosmodrom bo‘lmish Boyqo‘ng‘ir poligoniga asos solinganiga 65 yil to‘ldi. “Daryo” ushbu muhim obyekt haqidagi qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradi.

Foto: Google Photos

50–60-yillar sovuq urush “qizigan” vaqt bo‘lib, siyosiy qutblar nafaqat yadroviy poygada, balki kosmik poygada ham kimo‘zarga bahslashishni boshlab yuborgan edi. Lekin, qizig‘i shundaki, eng avvalboshda Boyqo‘ng‘ir koinotga parvozlarni amalga oshiriladigan kosmodrom sifatida emas, balki qit’alararo ballistik raketalarni, xususan, vodorod bombasini eltuvchi raketalarni uchirish maqsadida rejalashtirilgan. Shu maqsadda bu obyekt o‘ta maxfiy tarzda qurila boshlangan va hatto uning joylashgan asl nomi ham, razvedkani chalg‘itish maqsadida bo‘lsa kerak, ataylab o‘zgartirilgan.

Gap shundaki, hozirgi Boyqo‘ng‘ir kosmodromi joylashgan Qizilo‘rda viloyatidagi hududning nomi asl To‘ratom bo‘lgan. Boyqo‘ng‘ir esa mutlaqo boshqa joyda – Qarag‘anda viloyatida joylashgan qishloq nomi bo‘lib, Qarag‘andadagi o‘sha Boyqo‘ng‘ir qishlog‘i yaqinida ham muhandislar kosmodromga o‘xshash inshootlar qura boshlashgan va go‘yoki josuslarda haqiqiy obyekt shu joyda degan tasavvur uyg‘otishga intilishgan.

Haqiqiy kosmodrom esa bir necha shartlarga muvofiq tanlangan joyda – chuchuk suvli sersuv daryo yaqinida, nisbatan kam aholi yashaydigan va yaydoq dala tekislik hududida hamda raketa va uning yirik gabaritli qismlarini eltish imkonini beradigan temiryo‘llarga yaqin joyda joylashgan bo‘lishi kerak edi. Bu shartlarga to‘g‘ri keladigan joylar SSSR hududida bir nechta bo‘lib, muhandislar Dog‘iston, Mariy El, Astraxan va Qizilo‘rda viloyati hududlarini ko‘rib chiqqan.

To‘ratom ushbu shartlarga eng mos joy bo‘lgan: u Toshkent—Moskva temiryo‘li ustida bo‘lib, Sirdaryo va Orol dengizi havzasidan uncha olis bo‘lmagan joyda, ochiq kengliklar bag‘rida joylashgan edi. Boz ustiga, bu hududning SSSRdagi boshqa mintaqalarga nisbatan ekvatorga yaqinroqligi tufayli uchiriladigan raketalarga qo‘shimcha chiziqli tezlik berishi eng katta afzallik bo‘lgan (bu vaqt va yoqilg‘ini tejashda ulkan ahamiyatga ega). Hammasidan ham To‘ratom hududida yiliga taxminan 300 kun ochiq havo kuzatiladi va bu mazkur poligonda ob-havo injiqliklarisiz, parvozlarni tez-tez amalga oshirish imkonini beradi.

Foto: Google Photos

Yuqoridagi singari barcha omillarni inobatga olib, 1955-yil 12-fevralda aynan shu joyda kosmodrom qurish haqida hukumat qarori qabul qilingan. Shu tufayli Boyqo‘ng‘irga asos solingan sana bo‘yicha bahslar hanuz davom etadi. Lekin barcha rasmiy manbalarda kosmodrom tamal toshi aynan 2-iyunda qo‘yilgani qayd etiladi. O‘sha yilning 20-iyulida kosmodromning birinchi start maydonchasi qurilishi boshlangan va u yerdan ilk qit’alararo ballistik raketa 1957-yilning 15-mayida uchirilgan. Birinchi sinov muvaffaqiyatsiz chiqqan. Keyinchalik, 21-avgust kuni harbiylar ikkinchi urinishda, qit’alararo ballistik raketani Boyqo‘ng‘irdan uchirib, u orqali Kamchatkaga muvaffaqiyatli ravishda o‘q-dori yetkazishga erishgan.

O‘sha yilning 4-oktabrida esa ushbu kosmodrom insoniyat tarixidagi eng birinchi sun’iy yo‘ldosh – Sputnik-1’ni orbitaga kuzatib qo‘ygan. Ushbu start o‘ta muvaffaqiyatli chiqqanidan barcha mutaxassislarni ruhlantirib yuborgani aniq. Bu paytlarda obyekt nomi hamon maxfiylik vajidan turli chalkashliklar bilan, xususan, “Zarya”, “Leninsk” kabi talqinlarda ishlatilar edi. Hatto bir muddat obyekt nomi “Toshkent-50” ham bo‘lgan! Yuqorida aytganimizdek, bu eng birinchi navbatda AQSh razvedkasini chalg‘itish maqsadida qilingan hiyla bo‘lgan.

Biroq manbalarda qayd etilishicha, sovetlar qanchalik urinishmasin, AQShning Lockhead U2 razvedkachi samolyoti 1957-yildayoq kosmodromning haqiqiy joylashuvini aniqlagan va u hech qanaqasiga Qarag‘andadagi Boyqo‘ng‘ir emas, balki Qizilo‘rdadagi To‘ratom ekanini doklad qilgan. Shu tufayli hatto 90-yillargacha ham bo‘lgan AQSh hujjatlarida ushbu kosmodrom Tyuratam Missile and Space Complex, qisqacha TTMTR tarzida qayd etilgan. Kosmodromga rasmiy Boyqo‘ng‘ir nomi berilishi esa faqat 1961-yilda Yuriy Gagarin parvozidan keyin sodir bo‘lgan.

Hozirda Boyqo‘ng‘ir jahondagi eng ilg‘or kosmik start maydonchasidan biri sanaladi. O‘sha ilk kosmik parvoz amalga oshirilgan 1957-yildan buyon bu joydan orbitaga 1 500 dan ortiq turli kosmik kemalar startga chiqqan. Dunyo bo‘yicha faqat AQShning Kanaveral burni Boyqo‘ng‘irdan ko‘ra ko‘proq raketa uchirgan xolos. Boyqo‘ng‘irdan eng ko‘p start 1987-yilda amalga oshirilgan. O‘shanda, 48 ta sun’iy yo‘ldosh parvozga chiqarilgan.

Hozirda Boyqo‘ng‘ir – ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos Xalqaro kosmoportga aylangan. Har yili bu kosmodromdan bir necha marta kosmik startlar amalga oshiriladi. Hozirda mazkur kosmodromda 15 ta start maydonchasi mavjud bo‘lib, 9 turdagi raketalarni uchirish mumkin. Rossiyaga qarashli “Soyuz” uchuvchili kosmik kemalari va “Progress” yuk kemalari ham aynan Boyqo‘ng‘irdan parvoz qiladi. Hudud va infrastruktura Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi kelishuvlarga ko‘ra, ijara shartnomasi asosida Rossiya tarafidan tasarruf qilinadi va so‘nggi kelishuvlarda ijara muddati 2050-yilgacha belgilangan.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.