O‘zbekistonda 1-iyun, dushanba kuni 79 kishida koronavirus qayd etildi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning 58 nafari karantin muassasalaridagi fuqarolarda aniqlangan. Ulardan 46 nafari Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon shaharlari va Qozog‘istondan kelgan bo‘lsa, 12 nafari Toshkent shahri (10 nafar), Namangan (1) va Samarqand (1) viloyatlarida karantinda saqlangan.

1-iyun kuni koronavirus bilan kasallanganligi aniqlangan 6 kishi xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilaridir.

Shuningdek, aholi orasida 15 kishida koronavirus qayd etilgan bo‘lib, ulardan 13 nafari Toshkent shahrida, bir nafardan Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida aniqlangan.

Koronavirusdan sog‘ayish holatlari

1-iyun davomida 22 nafar koronavirusga chalingan bemor sog‘aydi. Jumladan, 11 nafari Samarqand viloyatidagi, 10 nafari Toshkent shahridagi, 1 nafari esa Andijon viloyatidagi tibbiyot muassasalaridan sog‘ayib chiqdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 3702 nafar bemordan 2859 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 77 foizni tashkil etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turibdi. Andijonda 2 nafar, Qoraqalpog‘istonda esa 6 nafar bemor qoldi.

Eng ko‘p bemorlar Toshkent shahri (586 nafar), Navoiy (145 nafar) va Samarqand viloyatida (69 nafar) bo‘lib turibdi. Kasallikdan sog‘ayish ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yomon vaziyat Navoiyda desa ham bo‘ladi, bu yerda kasallanganlarning 8 foizi tuzalishga muvaffaq bo‘lgan.

Ahvoli og‘ir bemorlar

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 828 nafar bemordan 9 nafari og‘ir, 2 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 15 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan.