AQSh prezidenti Donald Tramp gubernatorlarni kuchsiz deb atab, ularni politsiya zo‘ravonligiga qarshi o‘tkazilayotgan norozilik namoyish ishtirokchilariga nisbatan qattiqroq turishga chaqirdi, deb xabar beradi Associated Press.

Foto: AP Photo

Prezident mintaqa rahbarlarini norozilik namoyishlarini bostirishda Milliy gvardiya kuchlaridan foydalanishga chaqirdi. Tramp bu ishni qilmayotgan gubernatorlarni “to‘nka” deb atagan. AQSh prezidenti Nyu-York, Filadelfiya va Los-Anjelesdagi norozilik namoyishi ishtirokchilariga qarshi keskin choralar ko‘rishni taklif etgan.

“Sizlar odamlarni hibsga olishingiz, ta’qib qilishingiz, ularni 10 yilga qamoqqa tiqishingiz kerak va shundan so‘ng hech qachon bu kabi yaramaslikka duch kelmaysiz”, — deydi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, gubernatorlar bu ishlarni amalga oshirmasa, ahmoq kabi ko‘rinadi.

Eslatib o‘tamiz, Minneapolis shahri politsiyasi vakili 25-may kuni 46 yoshli afro-amerikalik Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida uni tutib, yerga yotqizgan va tizzasi bilan bo‘ynini bosgan. Politsiyachi uni shu tariqa uzoq vaqt ushlab turishi Jorj Floydning o‘limiga sabab bo‘lgan. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, AQShning turli hududlarida norozilik namoyishlari boshlangan. AQShning 25 ta shahrida ommaviy noroziliklar sabab komendantlik soati e’lon qilindi. Donald Tramp Oq uy qarshisida sodir bo‘lgan norozilik namoyishi vaqtida yerosti bunkeriga berkingani ma’lum bo‘ldi.