Toshkentda koronavirusga chalingan 72 yoshli erkak 3-iyun kuni vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkentlik M.da 2-iyun kuni COVID-19 aniqlanib, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan edi. 72 yoshli bemor uzoq yillardan buyon yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi, qandli diabetning ikkinchi turi tashxisi bilan davolanib kelgan. 2000 va 2019-yillarda u ikki marta miokard infarktini o‘tkazgan.

Bemorning davolanishi davomidagi kunlik ahvoli O‘zbekistondagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida bo‘lgan. Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari tomonidan konsiliumlar o‘tkazib turilgan. Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan jonlantirish bo‘limida sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘pka-yurak yetishmovchiligi, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishidan vafot etdi.

Ushbu o‘lim holatidan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan bemorlar soni 16 nafarga yetdi.

Bungacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida o‘lim holati 31-may kuni qayd etilgandi. Koronavirusdan vafot etgan 15-bemorda ham o‘limidan bir kun avval infeksiya aniqlangandi. Vafot etgan 16 kishining 8 nafari Toshkent shahrida davonalanayotgan edi.

3-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 3815 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 3014 nafari tuzalishga muvaffaq bo‘ldi.