Andijondagi Uz Dong Yang Co MChJ shaklidagi qo‘shma korxona ombori mudiri o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib, “Xabar.uz” xabar berdi.

Foto: “Uzdy.uz”

Ta’kidlanishicha, 29-may kuni soat 16:30 da Buloqboshi tumanida istiqomat qilgan 34 yoshli I.X. yashash uyining ayvonida osilgan holda topilgan. Murda ekspert ishtirokida ko‘zdan kechirilganda bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya, bo‘yin sohasida bir izli tipik strangulyatsion egat, ichki a’zolarini to‘laqonligi, o‘pka va yurak epikardlarida nuqtasimon kardio dog‘lar aniqlangan.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura mas’uli I.X. qo‘shma korxonada prokuratura tekshiruvi boshlagani ortidan o‘z joniga qasd qilganiga oid gaplarni inkor etgan. Unga ko‘ra, Uz Dong Yang Co qo‘shma korxonasida 2018—2019-yillar davomida xomashyo va materiallarini saqlanishi, tarqatilishi va butligi yuzasidan tekshirish o‘tkazilganligi rost. Tekshiruvlar bir yoki ikki oy avval emas, o‘tgan 2019-yilning boshida o‘tkazilgan. O‘shanda I.X. moddiy javobgarligida bo‘lgan 168 million so‘mlik xomashyo va materiallarida kamomad aniqlangan (marhum 2013-yildan beri ombor mudiri bo‘lib ishlab kelgan) va o‘z vaqtida (I.X. tomonidan) bartaraf etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shma korxonadagi ayni kunlardagi tekshiruv ichki audit xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 21-may kuni Uz Dong Yang Co MChJ shaklidagi qo‘shma korxona rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchisining 50-sonli buyrug‘i chiqarilgan bo‘lib, unga asosan I.X. javobgarligidagi tovar moddiy boyliklarini boshqalar zimmasiga yuklash hamda 20-may holatigacha taftish o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzilgan. Shuningdek, mazkur buyruq bilan inventarizatsiyadan o‘tkazish uchun tekshirish boshlangan.

Tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida I.X. korxonada ichki audit va inventarizatsiya boshlangani sababli bir necha kun ishga kelmay qo‘yganligi aniqlangan. Ayni paytda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Andijon viloyatida bog‘cha mudirasi o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi.