Andijonning Jalaquduq tumanida yashagan 21 yoshli O.A. ismli ayol 7-iyunga o‘tar kechasi viloyat perinatal markazida o‘zini osib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ayol 2-iyun kuni “homilaning dumba bilan kelishi” tashxisi bilan perinatal markazga qabul qilingan, shu kuni soat 20:25 da kesarcha kesish yo‘li bilan o‘g‘il chaqaloqni (tirik) dunyoga keltirgan. Shundan so‘ng bir sutka reanimatsiya bo‘limining intensiv palatasida saqlangan, 3-iyun kuni chilla bo‘limi palatasiga olingan.

Ta’kidlanishicha, shifokorlar tomonidan unga nisbatan shafqatsiz yoki qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar aniqlanmagan, biroq so‘nggi vaqtlarda ruhiyatida o‘zgarishlar kuzatilgan. “Palatadagi bemorlar uni uzoq vaqt davomida bir nuqtaga tikilib qolishi, tunda turib, narsalarini yoyib, qarab o‘tirganligini ko‘rgan”, — deyiladi rasmiy axborotda.

Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, og‘ir, bosiq, kamgap xarakterli O.A. 2019-yil iyulida turmushga chiqqan, oila a’zolari bilan munosabati yaxshi bo‘lgan. Holat yuzasidan marhumning eri, otasi, onasi, qaynonasi va yana bir guruh fuqarolardan tushuntirish olingan.

“Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, O.A. 7-iyun kuni, taxminan, soat 01:00 da “hojatga chiqqan, yuvinib, xonada kiyimlarini almashtirgan”. Birozdan so‘ng ayol yana yotgan joyida yo‘qligi ma’lum bo‘lgan va shu zahoti navbatchi doyalar tomonidan har bir xona ko‘rib chiqilgan, ko‘p o‘tmay u perinatal markaz binolaridan birining yerto‘lasiga kirish qismida osilgan holda topilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan qo‘shimcha qilishlaricha, holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ish bo‘yicha ahamiyatli bo‘lgan holatlarni aniqlanishtirish yuzasidan Andijon shahar IIO FMBga alohida topshiriq yuborildi. Tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.